Bizni kuzating

Davlat xaridlari bo‘yicha 28 ta savdo natijalari bekor qilindi

Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining Samarqand viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan joriy yilning 9 oyida umumiy qiymati qariyb 206 milliard so‘mlik 833 ta davlat xaridlari o‘rganilgan.

Boshqarma axborot xizmatining ma’lum qilishicha, o‘rganishlar davomida umumiy qiymati qariyb 155 milliard so‘mlik 610 ta savdoda kamchiliklar aniqlangan. Jumladan, 3 holatda ishtirokchilar o‘rtasida affillanganlik, 3 holatda savdolarning bitta yoki bir nechta ishtirokchisiga savdolarda qatnashish uchun imtiyozli shart-sharoitlar yaratib berish holati va 604 holatda savdo o‘tkazishning qonun hujjatlarida belgilangan tartibining buzilishi qayd etilgan.

Aniqlangan qonunbuzilish holatlari bo‘yicha 62 ta buyurtmachiga nisbatan belgilangan tartibda ish qo‘zg‘atilgan va tegishli ta’sir choralari ko‘rildi. Misol uchun, “Ozodlik” davlat muassasasi tomonidan boshlang‘ich qiymati 410 million so‘mlik temiryo‘l yo‘l o‘tkazgichining metall konstruksiyalarini diagnostika qilish uchun o‘tkazilgan tanlovda qonunbuzilish holati aniqlanib, buyurtmachiga nisbatan belgilangan tartibda ta’sir choralari ko‘rildi.

Shuningdek, o‘rganilgan 261 ta tanlov savdolarida aniqlangan kamchiliklar yuzasidan hujjatlar tegishli surishtiruv organlariga taqdim etildi. Qonunbuzilish holatlari aniqlangan 28 ta savdo natijalari bekor qilinishi ta’minlanib, hududiy boshqarma tomonidan doimiy monitoring va o‘rganish ishlari davom ettirilmoqda.