Samarqandda 12,8 mlrd. so‘m miqdoridagi 52 ta davlat xaridlariga oid qonunchilik talablari buzilgani aniqlandi

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan davlat xaridlariga oid (may-iyun oylaridagi) e’lonlar bo‘yicha o‘tkazilgan masofaviy monitoringda byudjet buyurtmachilari tomonidan qiymati 101,5 mlrd. so‘mlik 324 ta tanlovda «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi va «Raqobat to‘g‘risida»gi qonunlarning talablari buzilishiga yo‘l qo‘yilganligi aniqlandi.

Shundan, Andijonda 20,0 mlrd. so‘mlik (51 ta), Samarqandda 12,8 mlrd. so‘mlik (52 ta), Jizzaxda 8,3 mlrd. so‘mlik (20 ta), Buxoroda 7,3 mlrd. so‘mlik (33 ta), Qashqadaryoda 7,2 mlrd. so‘mlik (20 ta), Surxondaryoda 7,9 mlrd. so‘mlik (30 ta), Xorazmda 5,3 mlrd. so‘mlik (18 ta), Navoiyda 5,2 mlrd. so‘mlik (16 ta), Namanganda 2,6 mlrd. so‘mlik (11 ta), Farg‘onada 2,0 mlrd. so‘mlik (10 ta), Qoraqalpog‘iston Respublikasida 3,4 mlrd. so‘mlik (11 ta) va Toshkent shahrida 19,5 mlrd. so‘mlik (51 ta) tanlovlar bo‘yicha davlat xaridlariga oid qonunchilik talablari buzilganligi ma’lum bo‘ldi.

Davlat xaridlariga oid qonunchilik talablari buzilgan tanlovlardan 72 tasi (24,6 mlrd.) tuman (shahar) hokimliklari, 71 tasi (20,9 mlrd.) Xalq ta’limi vazirligi, 61 tasi (17,9 mlrd.) Sog‘liqni saqlash vazirligi, 33 tasi (11,1 mlrd.) Maktabgacha ta’lim vazirligi, 24 tasi (7,9 mlrd.) Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, 9 tasi (3,6 mlrd.) Suv xo‘jaligi vazirligi va qolgan 54 tasi (15,5 mlrd.) boshqa vazirlik va idoralar hisobiga to‘g‘ri keladi.

Monitoring yakunlari bo‘yicha byudjet buyurtmachilari tomonidan e’lon qilingan 101,5 mlrd. so‘mlik 324 ta tanlovni bekor qilish haqida vazirlik va idoralarga 268 ta taqdimnoma kiritildi.