Endi fermer o‘z huquqini oila a’zosiga berishi mumkin

“O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, «Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida»gi qonunga qator o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.

Mazkur o‘zgartishlarga muvofiq, fermer xo‘jaligi boshlig‘i tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishga yo‘l qo‘yilmaydigan ishga qabul qilingan taqdirda, yer uchastkasini ijaraga olish huquqini o‘z oila a’zolaridan biriga berish imkoniyati nazarda tutilgan.

Shuningdek, fermer xo‘jaligi boshlig‘i pensiya yoshiga to‘lganda yoki mehnat qobiliyatini yo‘qotganda, muddatli harbiy xizmatga chaqirilganda, oliy ta’lim tashkilotlariga ta’limning kunduzgi shakliga o‘qishga qabul qilinganda, saylab qo‘yiladigan lavozimlarga saylanganda yoki tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishga yo‘l qo‘yilmaydigan ishga qabul qilinganda ham yer uchastkasini ijaraga olish huquqini boshqa shaxsga o‘tkazish mumkin.

Bunday hollarda yer uchastkasini ijaraga olish huquqi ijara shartnomasiga tegishli o‘zgartishlar kiritish orqali ushbu qonunning 4-moddasi birinchi qismi talablariga javob beradigan oila a’zolaridan biriga, qonunchilikka muvofiq, ijara shartnomasi amal qiladigan muddatga beriladi.

Zohid Abulqosimov,

Oqdaryo tumani adliya bo‘limi davlat xizmatlari markazi shu’ba boshlig‘i.