Samarqand shahridagi Prezident maktabining 311,8 mln so‘mlik davlat xaridi bekor qilindi

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bergan ma’lumotga ko‘ra, Samarqand shahridagi Prezident maktabi davlat buyurtmachiligi asosida 311,8 mln. so‘mlik maktab formalarini xarid qilishda qonun buzilishiga yo‘l qo‘ygan.

Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i kengesi tomonidan 912,4 mln. so‘mlik yozgi majlislar uchun charm tomli shiypon qurish;

Zafarobod tuman bolalar va o‘smirlar sport maktabi buyurtmachiligida 286 mln. so‘mlik sport inventarlari xarid qilish;

Qiziltepa tuman yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi tomonidan 300 mln. so‘mlik transportda yuk tashish xizmati ko‘rsatish yuzasidan o‘tkazilgan davlat xaridlarida qonunchilikka zid holatlar aniqlangan.

Ushbu holatlar yuzasidan Agentlik buyurtmachilarga taqdimnomalar kiritgan va xarid komissiyalarining bayonnomalari bekor qilingan.

To‘plangan hujjatlar Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentiga yuborilgan.