Samarqandda davlat xaridlari bo‘yicha 50 mlrd so‘mlik qonunbuzilishlar aniqlandi

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan Samarqand viloyatida byudjet buyurtmachilari tomonidan «dxarid.uz» va «tender.mc.uz» maxsus axborot portalida joylashtirilgan e’lonlar joyiga chiqib o‘rganildi. Unda buyurtmachilar tomonidan davlat xaridlarini amalga oshirishda 18 ta holatda jami qiymati 50 mlrd so‘mlik qonunbuzilishlar aniqlandi.

Shundan, Samarqand viloyat hokimligi Injiniring kompaniyasi buyurtmachiligida Xalq ta’limi vazirligi va Soliq qo‘mitasining quyi tizimlariga qarashli ob’yektlarda qurilish va ta’mirlash ishlarini amalga oshirish bo‘yicha «tender.mc.uz» maxsus axborot portalida umumiy qiymati 42 mlrd. so‘mlik jami 9 ta tender e’lonlari joyiga chiqib ko‘zdan kechirilganda, tender g‘oliblari belgilanmasdan turib, qurilish ishlari boshlab yuborilganligi ma’lum bo‘ldi.

Xususan, Samarqand viloyati hokimligi injiniring kompaniyasi tomonidan 2021 yil 3 avgust kuni Kattaqo‘rg‘on shahar Davlat soliq inspeksiyasi binosi qurilishi bo‘yicha qiymati 5,5 mlrd. so‘mlik e’lon berilgan. Biroq, qurilish ishlari e’londa ko‘rsatilgan muddatdan 3 oy oldin, ya’ni may oyida boshlangan.

Shu bilan birga, Samarqand viloyat hokimligi Injiniring kompaniyasi tomonidan umumiy qiymati 37 mlrd. so‘mlik Urgut tumanidagi 22, 57, 61, 93-sonli, Ishtixon tumanidagi 8, 41-sonli, Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 54-sonli, Samarqand shahardagi 43-sonli maktab binolarini qurish va ta’mirlash ishlari bo‘yicha berilgan e’lonlar tender g‘oliblari belgilanmasdan turib, ob’yektlarda qurilish va ta’mirlash ishlari boshlab yuborilgan.

Yuqoridagi noqonuniy holatlar oqibatida mazkur ob’yektlardan chiqqan qurilish mollari tuman xalq ta’limi bo‘limiga kirim qilinmasdan, qurilish tashkiloti tomonidan ishlatilgan hamda mahalliy aholiga tarqatib yuborilgan.

Samarqand viloyat Ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi tomonidan mebel va tibbiyot uskunalarini xarid qilish bo‘yicha jami qiymati 5,5 mlrd. so‘mlik 5 ta tanlov e’lonlari va o‘tkazilgan tanlov hujjatlari o‘rganilganda, qonunbuzilish holatlari aniqlandi.

Samarqand viloyat Ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi tomonidan 4 ta lot bo‘yicha tibbiyot uskunalarini xarid qilish uchun e’lon berilgan. Mazkur o‘tkazilgan tanlovlar hujjatlari o‘rganilganda, unda g‘olib bo‘lgan jamiyatlar, ya’ni «Sam Med Torg», «Samarkand Eko Med», «Gamma Med», «Samarqand Ideal Pharm» MChJlarning ta’sischilari o‘zaro qarindoshligi ma’lum bo‘ldi.

Camarqand iqtisodiyot va servis instituti tomonidan mebellar to‘plamini xarid qilish va ta’mirlash ishlarini amalga oshirish maqsadida jami qiymati 2 mlrd. 200 mln so‘mlik 3 ta tanlov e’lon qilingan bo‘lib, o‘rganish natijasida ushbu holatlar bo‘yicha ham qonunbuzilishlar qayd etildi.

Unda Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 5 fevraldagi 55-son qarori talablariga zid ravishda mazkur institut tomonidan bir turdagi xarajatlarga tegishli bo‘lgan ta’mirlash ishlari, ya’ni Iqtisodiyot fakultetining ikkinchi qavatini mukammal ta’mirlash bo‘yicha umumiy xarid hajmi ikki qismga bo‘linib, tanlov e’lon qilingan.

Jomboy tumani hokimligi tomonidan hokimlikning ma’muriy binosini qurish bo‘yicha qiymati 400 mln so‘mlik tanlov e’loni o‘rganilganda, tanlov g‘oliblari aniqlanmasdan turib, qurilish ishlari yakunlanganligi ma’lum bo‘ldi.

Yuqorida ko‘rsatilgan holatlarda O‘zbekiston Respublikasining “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi Qonuni va boshqa qonunchilik hujjatlari talablari buzilganligi qayd etildi. Shunga ko‘ra, Agentlik tomonidan vazirlik va idoralarga davlat xaridlari bilan bog‘liq bo‘lgan mazkur lotlarni bekor qilish bo‘yicha taqdimnomalar kiritilib, to‘plangan hujjatlar huquqiy baho berish uchun Bosh prokuraturaga yuborildi.