Samarqandda 44 ta tikuv korxonasi maktab formasi tayyorlamoqda

Yangi o‘quv yili uchun maktab formasi tikish viloyatdagi 12 ta to‘qimachilik korxonasiga yuklatilgan. Shuningdek, ularga 32 ta qo‘shimcha tikuv korxonalari yordam bermoqda. Ayni kunda viloyatda jami 44 ta korxona o‘quvchilar uchun maktab formasi tayyorlamoqda.

- Maktab formasi o‘quvchilarning yoshiga qarab, 200 ming so‘mdan 400 ming so‘mgacha tikilyapti, - deydi viloyat xalq ta’limi boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Akmal Olimov. – Matosi yevro materialdan bo‘lib, 1-6-sinfgacha bo‘lgan bolalar uchun erkin bichimda, 7-11-sinfgacha bo‘lgan o‘quvchilar uchun klassik bichimda tayyorlanyapti. Maktab formasi o‘g‘il bolalar uchun kostyum, nimcha, shim, qiz bolalar uchun kostyum, nimcha, yubkadan iborat. 

Maktab formasi uchun ishlatilayotgan mato Xitoydan bir metri 5 dollardan keltirilmoqda. Tuman (shahar) hokimliklari tomonidan ayrim tikuv korxonalari ma’lum maktablarga biriktirilgan bo‘lsa, ayrim korxonalar hududiy ehtiyojdan kelib chiqib, maktab formalari tayyorlamoqda. 

Bu yilgi maktab formalari kam ta’minlangan oila farzandlari, shuningdek, “Ayollar”, “Yoshlar”, “Temir” daftarlarga kiritilgan oila farzandlariga hokimliklar tomonidan bepul beriladi. Viloyatimizda taxminan 60 mingdan ziyod o‘quvchi yuqoridagi toifa farzandlari bo‘lgani sababli ular bepul maktab formalari bilan ta’minlanishi ko‘zda tutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz: Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 19 maydagi “Davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘quvchilarini zamonaviy yagona maktab formasi bilan ta’minlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, maktab yarmarkalari aholiga qulay bo‘lgan tuman (shahar) markazlarida 10 avgustdan boshlab tashkil etiladi.

Xurshida Ernazarova.