Bu yil ota-onalar farzandlari uchun maktab forma va o‘quv qurollari olishi kerakmi?

Davlat umumta’lim maktablari faoliyati qachon tiklanadi? Forma va o‘quv qurollarini olish kerakmi? Ushbu savolga Xalq ta’limi vazirligi matbuot kotibi Laylo Rustamova javob berdi.

"Bugun aksariyat ota-onalardan davlat maktablarida qachon yangi o‘quv yili boshlanishi hamda o‘quvchilar uchun o‘quv qurollari hamda maktab formasini xarid qilish yuzasidan ko‘plab savollar kelib tushmoqda.

Xalq ta’limi vazirligi ushbu savolga javoban quyidagilarni ma’lum qiladi:

Respublika maxsus komissiyasining qarori bilan 2020 yilning 20 avgustidan boshlab buyum bozorlari hamda buyumlar savdosi bilan shug‘ullanuvchi yirik do‘konlar faoliyatiga ruxsat berildi.

Albatta o‘quv yili qachon boshlanishidan qat’iy nazar o‘quvchilar uchun o‘quv qurollari kerak bo‘ladi.

Ota-onalarimizdan, bozor va do‘konlar ochilgani bilan, sanitariya qoidalari va ijtimoiy masofa saqlashlari, ayniqsa, farzandlari sog‘ligiga alohida e’tibor qaratishlarini so‘raymiz. Hozir hamma baravar bozorga borsa ijtimoiy masofa saqlash qiyin bo‘ladi, shuning uchun juda shoshilish, barcha xaridlarni maktabgacha amalga oshirish shart emas. O‘quv qurollari va kiyim-kechaklarni maktab boshlanganidan keyin ham olib berish mumkin, eng asosiysi, o‘zingiz va farzandlaringizning salomatligini asrash!

Ayni damda o‘quv yilini boshlash yuzasidan mutasaddi vazirlik va idoralarga taklif kiritish bo‘yicha topshiriq berilgan. Davlat umumta’lim maktablari bo‘yicha Respublika Maxsus komissiyasining qarori yaqin kunlarda e’lon qilinadi", deyiladi axborotda.