Samarqandda Bahodir Yalangto‘shning nomi abadiylashtirilishi mumkin
Siz bundan to‘rt-besh asr avval va undan keyingi davrlarda Samarqand shahar hokimi bo‘lgan shaxslar haqida bilasizmi? Bu haqda hech qiziqib ko‘rganmisiz? Ularning amalga oshirgan ishlari haqida-chi? Xususan, XVII asr boshlarida Samarqandda ulkan obodonchilik ishlarini amalga oshirgan, o‘z hukmronligi davrida shahar ravnaqini ta’minlagan, dunyo mo‘’jizasi sanalgan – Registon maydonidagi Sherdor hamda Tillakori madrasalarini qurdirgani hukmdorlardan biri - Bahodir Yalangto‘sh haqida eshitganmisiz?
Samarqand viloyati hokimligi, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi tarix instituti, Samarqand davlat universiteti hamda Markaziy harbiy okrugi bu borada ezgu ishga qo‘l urdi. 1576-1656 yillarda yashab, Samarqandda ulkan obodonchilik ishlarini amalga oshirgan hukmdor Bahodir Yalangto‘sh hayoti, faoliyati, shaxsiyati, tarixda tutgan o‘rni haqida keng jamoatchilikka yetkazish uchun xalqaro konferensiya tashkil etmoqda.
Shu yil 20 iyun kuni ushbu tashkilotchi idoralar hamkorligida Samarqand davlat universitetida “Bahodir Yalangto‘shning Markaziy Osiyo ijtimoiy-siyosiy va madaniy hayotida tutgan o‘rni” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tadi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 25 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida 2019 yilda xalqaro va respublika miqyosida o‘tkaziladigan ilmiy anjumanlar to‘g‘risida”gi 133-F-sonli farmoyishi asosida tashkil etiladigan anjumanda Bahodir Yalangto‘shning Markaziy Osiyo ijtimoiy-siyosiy va madaniy hayotida tutgan o‘rni, uning hukmdorlik davrida Samarqandda amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari, XVII-XVIII asrlarda Samarqanddagi ijtimoiy-siyosiy va madaniy hayot mavzulari dunyo tarixchi va mutaxassislari tomonidan tarixiy manbalar asosida talqin etiladi.
TAShKILIY QO‘MITA.