Yalangto‘sh bu, Yalangto‘sh bu

(qasida)

Bir o‘g‘lonki, bahodir deng, Yalangto‘sh bu, Yalangto‘sh bu,
Pahlavonki, ko‘kragi keng, Yalangto‘sh bu, Yalangto‘sh bu.

Moziy deydi: ul bahodir, ulug‘ ishlarga ham qodir,
Ancha burun bo‘lgan sodir Yalangto‘sh bu, Yalangto‘sh bu.

Izn so‘rab donolardin, Navoiydek daholardin,
Angladim bebaholardin: Yalangto‘sh bu, Yalangto‘sh bu.

Nurotada o‘tdi yoshlik, pand bermadi hech beboshlik,
Ulg‘aydi sabru bardoshlik Yalangto‘sh bu, Yalangto‘sh bu.

Taqdir siylab, Abdullaxon huzurida topib imkon,
Harbiy ta’lim olgan o‘g‘lon Yalangto‘sh bu, Yalangto‘sh bu.

Ko‘p o‘tmayin Buxoroda, o‘qib oliy madrasada,
Izzat oshdi shu orada, Yalangto‘sh bu, Yalangto‘sh bu.

G‘amxo‘r xon ham qilmay nari, qo‘llab turdi yoshu qari,
Yo‘lga tushdi Bag‘dod sari, Yalangto‘sh bu, Yalangto‘sh bu.

O‘n yettiga to‘lib yoshi, bo‘ldi taqvodor safdoshi,
Uch hududda tumanboshi Yalangto‘sh bu, Yalangto‘sh bu.

Avval Bulung‘urda sorbon, keyin Loyish bo‘ldi makon,
E’zozladi Kattaqo‘rg‘on: Yalangto‘sh bu, Yalangto‘sh bu.

Samarqandda ul o‘ttiz yil, hokimlik etdi muttasil,
Ulusini qildi ahil Yalangto‘sh bu, Yalangto‘sh bu.

Epchil, botir, jasur polvon yovni jangda etib yakson,
Olganu Otalik unvon - Yalangto‘sh bu, Yalangto‘sh bu.

Nogoh hujum qilgach Eron, boshlandi ko‘p to‘s-to‘polon,
Hayiqmadi bundan hech on - Yalangto‘sh bu, Yalangto‘sh bu.

Ko‘tardi tug‘ o‘zbek o‘g‘lon va qo‘lladi ahli jahon,
Taxtda edi Muhammadxon, Yalangto‘sh bu, Yalangto‘sh bu.

Jung‘or xitoy bosib kelgan, yov holini aylagan tang,
Vatanparvar bo‘lgan chindan Yalangto‘sh bu, Yalangto‘sh bu.

Yettisuvda bo‘lganda jang, jung‘or holin aylabon tang,
Dushman yuzin etgan sur rang Yalangto‘sh bu, Yalangto‘sh bu.

Yovni ortga ketgazgan ham, bosqinchini yutqazgan ham,
Xonni taxtga o‘tqazgan ham Yalangto‘sh bu, Yalangto‘sh bu.

Ko‘rib xonning kalta qo‘lin, imkon izlab, topib yo‘lin,
Qo‘llagan ham Imomqulin Yalangto‘sh bu, Yalangto‘sh bu.

Ot zo‘r chopar cho‘lda derlar, sayyoh doim yo‘lda, derlar,
Yigit baxti qo‘lda, derlar, Yalangto‘sh bu, Yalangto‘sh bu.

Bilakda kuch to‘lib toshdi, jangga kirsa, yov ham qochdi,
G‘oliblikdan obro‘ oshdi, Yalangto‘sh bu, Yalangto‘sh bu.

Qamchi bosdi otga o‘g‘lon, ortda qoldi ne-ne dovon,
Yetishganda bir qahramon: Yalangto‘sh bu, Yalangto‘sh bu.

Samar berdi urinishlar, kashf etdi ko‘p burilishlar,
Qildi katta qurilishlar Yalangto‘sh bu, Yalangto‘sh bu.

Ko‘rib qancha kuyuklikni, habib qilib suyuklikni,
Kashf ayladi buyuklikni Yalangto‘sh bu, Yalangto‘sh bu.

Ko‘hna yurtga dili payvand yuragida cho‘g‘ Samarqand,
Kunu tunda rejada band Yalangto‘sh bu, Yalangto‘sh bu.

Chorlab necha pir, oqosoqol, fikrini aytdi bemalol,
Maslahatni bildi halol Yalangto‘sh bu, Yalangto‘sh bu.

Mashvarati goh cho‘zildi, asablar tez-tez buzildi,
Rejalar qayta tuzildi, Yalangto‘sh bu, Yalangto‘sh bu.

O‘ylabdi u takror-takror, katta ishda tashvish bisyor,
Oxir qildi qat’iy qaror Yalangto‘sh bu, Yalangto‘sh bu.

Registon, bu - ko‘hna maydon, unda qildi yangi makon,
Kecha-kunduz izlar imkon Yalangto‘sh bu, Yalangto‘sh bu.

Talab qat’iy, ayta-ayta, ish qilindi qayta-qayta,
Tin bilmagan bunday paytda Yalangto‘sh bu, Yalangto‘sh bu.

O‘n yetti yil mehnat uchun, ko‘p xayrli zahmat uchun,
Ko‘rsatolgan qudrat, kuchin Yalangto‘sh bu, Yalangto‘sh bu.

Ko‘rganlar suydi-ya suydi, xo‘b termulib kim ham to‘ydi,
Unga Sherdor deb ot qo‘ydi Yalangto‘sh bu, Yalangto‘sh bu.

Tanlab olindi o‘ng tomon, ish boshlandi o‘sha zamon,
Ish boshida sohibmakon Yalangto‘sh bu, Yalangto‘sh bu.

Buzilib bir karvonsaroy, qasr bunyod bo‘lgan hoy-hoy,
Kashf aylagan ajib chiroy Yalangto‘sh bu, Yalangto‘sh bu.

Ha, demayin besh yil o‘tdi, tashvishni el ham unutdi,
E’zozlab xalq boshda tutdi Yalangto‘sh bu, Yalangto‘sh bu.

Nurotaning mard shunqori - qurilish bosh bunyodkori,
Nom ham qo‘ydi: Tillakori, Yalangto‘sh bu, Yalangto‘sh bu.

Ikki yonda ikki minor, Registonda to‘kib viqor,
Elga ma’lum ustoz me’mor Yalangto‘sh bu, Yalangto‘sh bu.

Boqsang agar hayratli ul, hayron qilar haybatli ul,
El ichida g‘ayratli ul Yalangto‘sh bu, Yalangto‘sh bu.

Qarab tursang ko‘z to‘ymaydi, qaramasang ko‘z qo‘ymaydi,
Ayting, axir kim suymaydi Yalangto‘sh bu, Yalangto‘sh bu.

Minor minor posbon bilan, o‘pishadi osmon bilan,
Eslashar har inson bilan Yalangto‘sh bu, Yalangto‘sh bu.

Biram baland, zo‘r inshoot, bog‘laguday hatto qanot,
Kashf aylagan ul ulug‘ zot Yalangto‘sh bu, Yalangto‘sh bu.

Baxsh aylabon elga g‘urur, qo‘riqchiday turar mag‘rur,
Kashfiyotni kelib bir ko‘r: Yalangto‘sh bu, Yalangto‘sh bu.

Muammoni aylabon hal, Samarqandga berib sayqal,
Registonda qo‘ygan haykal Yalangto‘sh bu, Yalangto‘sh bu.

Tomoshaga kelgan sayyoh, har kun, har dam bo‘lgay ogoh,
Yana eslab bo‘lar guvoh, Yalangto‘sh bu, Yalangto‘sh bu.

Olislarni ko‘zlashadi, osmon bilan so‘zlashadi,
Besh yuz yilki, u yashadi Yalangto‘sh bu, Yalangto‘sh bu.

Hamma bilar ko‘rgandayin, suhbat qilib yurgandayin,
Ro‘parangda turgandayin Yalangto‘sh bu, Yalangto‘sh bu.

Qalbi to‘lib shijoatga, habib bo‘ldi nafosatga,
Erishdi xo‘p kamolotga Yalangto‘sh bu, Yalangto‘sh bu.

Boqib ko‘zlar to‘ymaydi-ya, ketsang nigoh qo‘ymadi-ya,
Senday yonib so‘ymaydi-ya, Yalangto‘sh bu, Yalangto‘sh bu.

Samarqandni jondan suydi, shu yurt debon, yonib kuydi,
Binolardin haykal qo‘ydi Yalangto‘sh bu, Yalangto‘sh bu.

Marhum ahlin etibon yod, qilayin deb ruhini shod,
Xonaqoh aylagan bunyod Yalangto‘sh bu, Yalangto‘sh bu.

Umr – qisqa, o‘lim haq, hoy, bilib Dahbedni so‘nggi joy,
Dahma ham qurgan hoynahoy, Yalangto‘sh bu Yalangto‘sh bu.

Ko‘ring o‘zbek pahlavonin, e’zozlab yeru osmonin,
Ulug‘lagan o‘zbek nomin Yalangto‘sh bu, Yalangto‘sh bu.

Kunlar bir-bir o‘tib ketdi, so‘nggi kun ham oxir yetdi,
Bandalikni bajo etdi Yalangto‘sh bu, Yalangto‘sh bu.

O‘lim bor inson boshida, yigirma kam yuz yoshida,
Bosh egdi ajal qoshida Yalangto‘sh bu, Yalangto‘sh bu,

Bir yonida Iqlimajon, bir yonida Oybibixon,
Taqdirga tan bergan inson Yalangto‘sh bu, Yalangto‘sh bu.

Kunlar o‘tib yaxshi-yomon, Dahbed bo‘ldi mangu makon,
Tarix ichra abad omon Yalangto‘sh bu, Yalangto‘sh bu.

Samarqand bu – yashnab turgan, Samarqand bu - jahon ko‘rgan,
Samarqand bu, uni qurgan Yalangto‘sh bu, Yalangto‘sh bu.

Ulug‘ Sulton ekan shaydo, “Boqiy shahar” bo‘ldi paydo,
Sizni kutar shunday joyda: Yalangto‘sh bu, Yalangto‘sh bu.

Zarafshonning bo‘ylarida, nay navoning kuylarida,
Ko‘rganlaring o‘ylarida: Yalangto‘sh bu, Yalangto‘sh bu.

“Boqiy shahar” ko‘rganmisiz? Sayr etib ham yurganmisiz?
Zavqqa to‘lib turganmisiz? Yalangto‘sh bu, Yalangto‘sh bu.

Oqshomida porlab yulduz, qamashadi nuridan ko‘z,
Lek Registon boqiy usiz, Yalangto‘sh bu, Yalangto‘sh bu.

Xabar yetgay ming yillarga, dovrug‘i doston ellarga,
O‘tadi tildan tillarga: Yalangto‘sh bu, Yalangto‘sh bu.

O, Samarqand uch ming yoshda, Sultonimiz turar boshda,
Mangu qolgan tog‘u toshda Yalangto‘sh bu, Yalangto‘sh bu.

Renessans – yuksak kelajak, hali kashflar ko‘p bo‘lajak,
Yana qayta tug‘ilajak Yalangto‘sh bu, Yalangto‘sh bu.

Ko‘rib buni ertak deysiz, shoshmay turing hali, ey Siz,
O‘ylab yana g‘amin yeysiz, Yalangto‘sh bu Yalangto‘sh bu.

O‘qib misli “Ming bir kecha”, muammoni yecha-yecha,
Rahmat deysiz necha-necha, Yalangto‘sh bu Yalangto‘sh bu.

Nur qo‘ynida o‘ynar g‘oya, matal topmay hech nihoya,
Jo‘shib so‘zlar zo‘r hikoya: Yalangto‘sh bu, Yalangto‘sh bu.

Ko‘ngil, sira qilma faryod, duo aylab, et nomin yod,
Sarkarda ruhi bo‘lg‘ay shod, Yalangto‘sh bu, Yalangto‘sh bu.

Dilga ilhom soldi qismat, shuuriga indi himmat,
Bir qasida yozdi Ismat: Yalangto‘sh bu, Yalangto‘sh bu.

    Ismat Sanayev.