Ikki dunyoda ham bitta Samarqand!
Karvonlar kelardi yetti iqlimdan,
Chinnilar, shohilar ortishib toy-toy.
Bog‘lari jannatdan nusxa ko‘chirgan,
Yegani bol bo‘lgan, tishlagani moy.
Tilanmagan hech kim dunyoni, erkni,
Gadolar boy bo‘lgan bu yurtga kelib.
Bog‘bonining qizi malika bo‘lgan,
Cho‘rilar oy bo‘lgan bu yurtga kelib.
Ayolin husnidan oy xijolatda,
Aqliga tan bergan shohi, donosi.
Hech qursa xon bo‘lgan tuqqan o‘g‘ili,
Hechsa, donishmandning bo‘lgan onasi.
Shohlari mard bo‘lgan, yurt olar bo‘lsa,
Butun yer yuzini olgan mo‘ljalga.
Erlari mard bo‘lgan, gar sevib qolsa,
Ikki shahar bergan bir dona xolga.
Dunyoni besh yuz yil o‘qitib yotgan,
Alisher bu yurtga tahsilga kelgan.
Mangulikdan mangu, shunday buyuk zot.
Samarqandni aziz mehrob deb bilgan.
Jannat ko‘kartgani kamday tuprog‘i,
Ko‘ksiga mukarram boshlarni olgan.
Jonin bersalar ham o‘zga yurtlarda,
Shohlarning jasadi shunda ko‘milgan.
Bu tuproqda metin bardosh bo‘lmasa,
Jahongir Temurni qanday quchardi.
Balki Ulug‘bekning xayoli birlan,
Yulduzlarga tomon qushday uchardi.
Bu tuproqda agar bo‘lmasa bir sir,
Xo‘ja Ahror Valiy bosh qo‘yarmidi?
Bibixonim yig‘lab, ko‘ziga surtib,
Orzularin aytib yosh quyarmidi?
Xizr nazar solgan, duo ketgan yurt,
Qo‘shiqqa aylanur har azob, har gard.
Shu yurt deb yashasang, o‘lsang arziydi,
Ikki dunyoda ham bitta Samarqand!
Xosiyat Bobomurodova,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi,
“El-yurt hurmati” ordeni sohibasi.