Samarqand shahar kuni shodiyonalari 3 kun davom etadi
Shahar hokimi Fazliddin Umarovning ma’lum qilishicha, bayram tadbirlari 15 oktyabrdan boshlanadi. Asosiy sana - 18 oktyabr kuni "Mo‘’jiza" amfiteatrida gala-konsert tashqil qilinadi.
Samarqand shahar kuni munosabati bilan o‘tkaziladigan tadbirlarga tayyorgarlikni yuqori darajada olib borish uchun shahar hokimligi tomonidan shtab tashkil qilingan. Bayram tadbirlari doirasida 15 oktyabrda Firdavsiy bog‘ida, 16 oktyabr kuni Farhod shaharchasi va Xishrav qo‘rg‘onida, 17 oktyabr kuni "Nurafshon" madaniyat saroyida konsert dasturlari o‘tkaziladi.
Bundan tashqari, 15 oktyabrdan shahardagi ta’lim muassasalari, jumladan, maktab, akademik litsey va oliy ta’lim muassasalarida shahar kuniga bag‘ishlangan tanlovlar o‘tkaziladi va g‘oliblar taqdirlab boriladi.
Shahardagi korxona va tashkilotlarda ham sanaga bag‘ishlangan tashkilotlarning xususiyatidan kelib chiqib, tanlov va musobaqalar o‘tkazish va g‘oliblarni shahar hokimligi tomonidan taqdirlash rejalashtirilyapti.
Aniqroq aytganda, 3 kun bo‘ladigan bayramda, ya’ni 15-18 oktyabr kunlari shahardagi barcha sport maktablarida havaskor va professional sportchilar o‘rtasida sport musobaqalari o‘tkaziladi.
Asosiy tadbirlar Alisher Navoiy ko‘chasi va Universitet xiyobonida o‘tkaziladi. Alisher Navoiy ko‘chasida gullar va qushlar, Sharq shirinliklari va boshqa bir qator festivallar, yarmarkalar va ko‘rgazmalar tashkil qilinadi. “Made in Uzbekistan” sanoat yarmarkasida Samarqand shahrida ishlab chiqarilgan mahsulotlar namoyish etiladi.
Universitet xiyobonida kun davomida shahardagi barcha oliy ta’lim muassasalari hamda milliy madaniy markazlar tomonidan ko‘rgazmali va madaniy chiqishlar, konsert dasturlari namoyish etiladi.
“Mo‘’jiza” amfiteatrida gala-konsert o‘tkaziladi. Shahar kuni munosabati bilan o‘tkazilgan tanlov, musobaqa va ko‘rgazmali chiqishlar g‘oliblari shu yerda taqdirlanadi.