Samarqand shahri kunida qanday tadbirlar rejalashtirilmoqda?
Kecha, 6 oktyabr kuni viloyat hokimligida o‘tkazilgan navbatdagi hokimlik soatida bu haqda aytib o‘tildi.
Qayd etilishicha, 18 oktyabr - Samarqand shahri kunida karantin qoidalariga amal qilgan holda bir qator tadbirlar amalga oshiriladi. Xususan, Amir Temur maqbarasida qur’on tilovati, qurbonlik tadbirlari o‘tkazilib, Sohibqiron haykali poyiga gul qo‘yish marosimi tashkil etiladi. Viloyat musiqa drama teatri, “Obod maskan” mahallasi, Registon maydoni (3D) va Kimyogarlar shaharchasida konsert dasturi namoyish etiladi.
Umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘quvchilari o‘rtasida “Azim shahrim - Samarqand” mavzusida jonli ijrodagi qo‘shiqlarning onlayn tanlovi o‘tkazilib, g‘oliblar taqdirlanadi.
Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi va “Ovozi Samarqand” gazetasi tomonidan “Samarqand shahridagi tarixiy obidalar va qadamjolarni asrab-avaylash - farzandlik burchimiz” mavzusida onlayn davra suhbati o‘tkaziladi. Shuningdek, gazeta tahririyati O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi hamda viloyat madaniyat boshqarmasi bilan hamkorlikda “Samarqand - sharq gavhari” mavzusida tanlov tashkil qiladi.
Bayram oldidan shahar markaziy ko‘chalari va tadbir o‘tkaziladigan hududlar bayramona bezatilib, bannerlar o‘rnatiladi. Alisher Navoiy ko‘chasiga to‘rtta ramziy darvoza o‘rnatilib, “Tabiat saxovati” deb nomlangan arzonlashtirilgan qishloq xo‘jalik mahsulotlari yarmarkasi tashkil etiladi. 18-20 oktyabr kunlari bo‘lib o‘tadigan yarmarkada tayyor oziq-ovqat (sut, go‘sht, baliq, un mahsulotlari) va kundalik ehtiyoj mollari ham savdoga qo‘yiladi. Shuningdek, hududda “MADE IN UZBEKISTAN” brendi ostida trikotaj, kiyim-kechak, poyabzal mahsulotlari sotiladi.
Uch kun davomida shaharning markaziy istirohat bog‘ida “FOOD COURT” va milliy taomlar sayli bo‘lib o‘tadi.
Bayram kuni viloyat axborot resurs markazi, Orzu Mahmudov ko‘chasida tashkil etilgan gastronomik turizm hududi hamda Davlat xizmatlari agentligining yangi binosining ochilish tadbirlari o‘tkaziladi.
Samarqand shahri kunida tarixiy obidalar va muzeylarga tashrif buyuruvchilarga bepul xizmat ko‘rsatishni tashkil etish ko‘zda tutilgan.