Ko‘hna kentning bayrami qanday nishonlanadi?
Xabaringiz bor, har yili 18 oktyabrda Samarqand shahri kuni keng nishonlanadi. 1996 yilning ushbu sanasida Amir Temur tavalludining 660 yilligiga bag‘ishlangan tantanada O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimov tomonidan berilgan.
Shaharga Amir Temur ordeni topshirilgan shu kundan buyon mana qariyb chorak asrdirki, shahar kuni viloyatda keng nishonlanib kelinadi.
An’anaga ko‘ra, tadbirlar temuriylar mangu qo‘nim topgan Amir Temur maqbarasida Qur’on tilovat qilish va Sohibqiron haykali poyiga gul qo‘yish marosimi bilan boshlanadi.
Samarqand shahar hokimligi axborot xizmatining ma’lum qilishicha, sana munosabati bilan Alisher Navoiy nomidagi markaziy istirohat bog‘i va mutafakkir nomi bilan ataluvchi ko‘chada bayram tadbirlari o‘tkaziladi. Qayd qilingan ko‘chaning Universitet xiyobonidan Amir Temur ko‘chasigacha bo‘lgan qismida ikkita ramziy darvoza o‘rnatilib, hududda turli ko‘rgazmalar tashkil etiladi.
Viloyat hokimi tasdiqlagan chora-tadbirlarga ko‘ra, Alisher Navoy ko‘chasining Universitet xiyobonidan Kamol Otaturk ko‘chasigacha bo‘lgan qismida qayta ishlangan tayyor oziq-ovqat va kundalik ehtiyoj mollari yarmarkasi, Amir Temur va Mirzo Ulug‘bek ko‘chalari oralig‘idagi hududda esa kiyim-kechak va poyabzal yarmarkasi o‘tkaziladi.
Bundan tashqari, bayram oldidan 14 oktyabrdan buyon “Marmar” dehqon bozorida “Tabiat saxovati” - arzonlashtirilgan qishloq xo‘jalik mahsulotlari yarmarkasi tashkil etilgan. Ushbu yarmarka 24 oktyabrgacha davom etadi.
Viloyat musiqali drama teatrida davlat akademik xalq cholg‘ulari orkestri konsert tomoshasi bo‘lib o‘tadi. Teatrda soat 17:00 da rejalashtirilgan ushbu tadbirgacha korxona va tashkilotlar xodimlari, ijtimoiy daftarlarda ro‘yxatda turgan oilalar uchun "Yalanto‘sh Bahodir" spektakli namoyish etiladi.
Uch ming yillik tarixga ega Samarqand azaldan ilm, savdo-sotiq va hunarmandchilik markazi, shuningdek, dunyo tamaddunining yirik markazlaridan biri bo‘lib kelgan. Ko‘hna va boqiy shaharda bugungi kunda ham o‘ndan ziyod yangi bog‘ va xiyobonlar tashkil etilgan. Asriy kentning tabiati va iqlimga mos daraxtlar parvarishlanayotgan bu manzillar sana munosabati bilan yanada gavjum bo‘lishi kutilmoqda. Chunki shaharda bayramga mos turli madaniy tadbirlar hamda konsert dasturlari tashkil etiladi.
Ma’lum qilinishicha, “Samarqand shahri kuni”da soat 16:00 da “Mo‘’jiza” amfiteatri hamda soat 18:00 da “Nurafshon” madaniyat saroyi va soat 19:00 da Qorasuv maskanidagi "Yangi O‘zbekiston bog‘i"da konsert dasturlari bo‘lib o‘tadi.
Bayram tadbirlari yakunida mushakbozlik tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Darvoqe, shu kuni shahar aholisiga jamoat transporti soat 08:00 dan 16:00 gacha bepul xizmat ko‘rsatishi belgilangan. Shuningdek, tarixiy obidalar, diqqatga sazovor joylar va davlat muzeylariga bepul kirish mumkin.