Samarqand: Bu zamin qo‘ynida qadimiy sir bor
Bu zamin qo‘ynida qadimiy sir bor,
Qadimiy dardu baxt, tashvish, xayol-o‘y.
Bunda bulbul qilgan go‘zal nolalar,
Gullar ham o‘zgacha taratishgan bo‘y.
Unga ko‘kdan mayin jilmaygan quyosh,
Tunlari shaydosi bo‘lgan hazin moh.
Bu zamin — erk deya ko‘tarilgan bosh,
O‘tmishdan ertaga tikilgan nigoh.
Necha-necha karvon, necha ming odam,
Aylangan mehmonu nishonasiga.
Bunda har bir zog‘ning boshin qilmay xam,
Qismat nur taratgan peshonasiga.
Otashparast ruh va ko‘ngil maylini
O‘z olovi bilan qondirgan yurt bu.
Ming yillarga cho‘zib yashash sayrini,
Ziyo mash’alini yondirgan yurt bu.
Oftobni kiftiga qo‘ndirgan ma’vo,
Zilol buloqlardan suv ichgan zamin.
Dillarni hamisha aylab ruhafzo,
Yetti iqlim aro yo‘l kechgan zamin.
Bu zaminga kelgan odam borki to
Sira yengilmagan zarra tashvishga.
Ishqiga jo bo‘lgan Bog‘i Dilkusho,
Ko‘nglini baxsh etgan Bog‘i Behishtga.
Deya, sening uchun aziz dilbandman,
Kezib yurar go‘yo orzulari ming.
Ana, hali-hamon Bog‘i Balanddan,
Nafasi ketmagan Bibixonimning.
Moziy so‘z juftlasin dil hayratiga,
Ochgandi hamdo‘stlik sari ravon yo‘l,
Oqil hukmdorlar mashvaratiga
Ne zamonlar guvoh bo‘lgan Konigil.
Ko‘ngillardan toshib go‘yo muhabbat,
Ezgu yuraklarning orzulari jam.
Olamga omonlik tilagay albat,
Bugun minbarida “Boqiy shahar” ham.
Yer yuzi sayqali, Sharqning mash’ali,
Kechmishi shukuhli, tole’i fuzun.
Minorlar ko‘k sari bo‘ylar nash’ali,
Har bitta koshinda ming bitta afsun.
Moziydan elchidir bu ko‘hna shahar,
Bag‘riga talpingan fozil-fuzalo.
Temurbek poytaxti, sarvati gavhar,
Saltanat mehvari ul Arki a’lo.
Raiyat shod bo‘lmish adlu ehsondan,
Ulug‘bek yulduzlar tomon yo‘l ochdi,
Durru javohirlar terib osmondan,
Nursiz yuraklarning boshidan sochdi.
Barcha davronlarning piru dahosi
Muborak bu yurtni qo‘llab turibdi.
O‘tmish va ertaning nash’u namosi,
Muazzam zaminda kezib yuribdi.
Poyini qo‘riqlar ming piru chilton,
Sayyohlar hayrati ko‘zida turar.
Har qizi malika, har o‘g‘li sulton,
Hamisha shonini yelkalab yurar.
Temurbek boshlagan boqiy mashvarat,
So‘nmas ezgulikning baxti, shukuhi.
Hilpirar totuvlik bayrog‘i abad,
Tamal toshi erur Samarqand ruhi.
Bu zamin ruhidan kuch olib yana
Kundan-kunga sayqal topmoqda jahon.
Ezgulik har yerda qilar tantana,
Har kimning iqboli bo‘lar nurafshon.
So‘zlarga sig‘magay shavkating, shoning,
Go‘zalsan, ko‘rkamsan ta’rifga monand.
Bu jonajon vatan — O‘zbekistonning,
Boshiga tojdirsan jonim Samarqand!
O‘tkir RAHMAT.
***
Hayrat
Hayrat meni ayladi asr,
Samarqandda entikib toshdim.
Shahri azim bamisli qasr,
Ta’riflarga so‘z topmay shoshdim.
Bezak bo‘lib go‘zal tuyg‘ular,
Chor atrofga sayqal ufurmish.
O‘z o‘zligu qancha sayyohlar,
Anglay olmas, o‘ngumi yo tush.
Ko‘ngillarga ko‘chmish obodlik,
Chehralarda mamnun ifoda.
Havosi ham shodlikdek totlik,
Shahri sayqal erur ziyoda.
Istiqloldan unib istiqbol,
Nek niyatlar qanotu yordir.
Anglaganim ravshan haqiqat,
Bu ma’voda baraka bordir.
Izhor
Yillar o‘tar, kun, oylar sayin,
Insonlar ham o‘tar birma-bir.
Kim tuproqda yotar shunchayin,
Kimisidan balqib turar nur.
Ko‘ngillarin zabt etmoq mushkul,
Harorati bo‘lmasa dilni.
Foyda bermas, mansabu usul,
Yuqtirmasa fikru aqlni.
Ko‘pni rizo etmoqlik uchun,
Va’da emas, ijrodir asos.
Haqiqatning tilidir uzun,
Nazar yetgan nazardan qolmas.
Bugun ko‘rib Samarqand ko‘rkin,
Qiyoslarga topilmas qiyos.
Lek baralla aytmoqlik mumkin,
Samarqanddir Samarqandga xos.
Hayrat porlar, ko‘zlarda yolqin,
Tahsinlanar kimdir ulushdor.
Va vujuddan aytilar tahsin:
Obod yurtda mard o‘g‘lon bisyor.
Suyundik Mustafo NUROTOIY.