Samarqandda chet tilini bilish darajasini aniqlash imtihonlari o‘tkazilmoqda
Bugun Samarqand shahridagi “Barkamol avlod” bolalar maktabida “Chet tilini bilish darajasini aniqlash” bo‘yicha noyabr oyida bo‘lib o‘tadigan imtihonlarning dastlabki bosqichi boshlandi.
Davlat test markazi Samarqand viloyati bo‘limi axborot xizmatining Zarnews.uz’ga xabar berishicha, talabgorlar ingliz, fransuz tillari bo‘yicha B2 va C1 darajalarini olish maqsadida imtihon topshirgan.
Imtihon bugun bir navbatda tashkil etilib, unda 30 nafar talabgor qatnashgan. 25 noyabr kunlari esa imtihonning ikkinchi bosqichi, ya’ni gapirish ko‘nikmasini baholash imtihoni o‘tkaziladi.
Eslatib o‘tamiz, Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 31 dekabrdagi “Chet tilini bilish darajasini aniqlash va malaka sertifikati berish tartibi to‘g‘risida Nizomni tasdiqlash haqida”gi 352-son qaroriga muvofiq, mazkur imtihonlarning har ikkala bosqichi natijalari bo‘yicha belgilangan maksimal ballning 60 foizi va undan yuqori ball to‘plagan talabgorlarga namunadagi sertifikat taqdim etiladi.
Tilni bilish darajasi B2 yoki undan yuqori bo‘lgan sertifikatga ega abituriyentlarga oliy ta’lim muassasalariga kirishda chet tili fanidan imtihonlarsiz belgilangan maksimal ball beriladi.
Shuningdek, ta’lim muassasalarining C1 darajadagi sertifikatga ega xorijiy tillar o‘qituvchilariga ularning bazaviy tarif stavkasiga nisbatan har oylik 50 foiz miqdorida qo‘shimcha ustama haqi to‘lanadi.