Samarqandda do‘konda gaz portlashi tufayli 14 yashar qiz va 18 yashar yigit halok bo‘ldi

O‘sha kuni ona o‘g‘li bilan do‘konni 14 yashar qizaloqqa qoldirib bozorga ketdi. Biroz vaqt o‘tgach, xaridor kirib keldi va sigareta xarid qildi. 18 yashar bola sigaretaning shu yerning o‘zida tutatib olishni so‘radi. Yoqilgan olov portlashga sabab bo‘ldi.

Tanasining 80 foizidan ortig‘i kuygan o‘g‘il va qiz respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Samarqand filialining kuyish bo‘limiga yotqizildi. Biroq shifokorlarning urinishlari zoye ketdi.

O‘spirinning yuragi fojiadan uch kun o‘tib to‘xtadi. To‘rtinchi kuni qiz ham vafot etdi, deb yozadi “Samarkandskiy vestnik” gazetasi.

“Markazgazta’minot” UK bosh muhandisi X.Bobomurodovning so‘zlariga ko‘ra, voqea joyida ekspertiza o‘tkazildi. Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, maishiy gaz trubalar korroziyaga uchragani tufayli sizib chiqqan.

- Mahallamiz hududida shimoliy taqsimlash stansiyasidan g‘isht zavodigacha gaz trubalari yotqizilgan, - deydi Yangiobod mahalla fuqarolar yig‘ini raisi U.Po‘latov. – Shu yerning o‘zidan yoqilg‘i quyish shoxobchalariga ham quvurlar tortilgan. Barcha quvurlar yuk mashinalar o‘tuvchi avtomobil yo‘li tagidan o‘tgan. Mutaxassislar gaz sizib chiqqan quvur teshigini topishdi. Do‘kon gaz tarmoqlariga ulanmaganiga qaramasdan gaz tuproq orqali, balki kemiruvchilar inlaridan o‘tib, xonada to‘plangan. Yoqilgan sigareta portlashga sabab bo‘lgan. Bu voqeadan so‘ng "Biz porox ustida yashayotgandaymiz", deb xavotirda qoldik. Axir, istalgan paytda, istalgan joydan gaz sizib chiqishi mumkin-da.

Nashrda keltirilishicha, voqea joyi hududidan ko‘plab gaz trubalari o‘tgan. Teshik paydo bo‘lgan quvur Samarqand g‘isht zavodlaridan biriga tegishli. Ularni qoida bo‘yicha olib borilishi kerak bo‘lgan tekshirish ishlari oxirgi marta qachon o‘tkazilgani noma’lum.

Demakki, mahallada yashovchi deyarli yuz kishining xavfsizligiga kafolat yo‘q, deb xulosa qiladi maqola muallifi.