Samarqandda havo ekskursiyalari yo‘lga qo‘yiladi
Viloyatning turizm salohiyatini yanada oshirish, sayyohlar uchun zamonaviy va jozibador xizmat turlarini joriy etish maqsadida yangi turizm yo‘nalishlari tashkil etilmoqda.
Xususan, viloyat turizm boshqarmasi tomonidan Samarqandda havo ekskursiyalarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha “Uzbekistan Helicopters” MChJ bilan kelishuvga erishildi.
Viloyat turizm boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Suhrob Ergashevning ta’kidlashicha, korxona rahbari H.Utamov bilan o‘tkazilgan muzokaralar davomida havo ekskursiyalarining texnik va tashkiliy jihatlari, xavfsizlik talablariga qat’iy rioya etish, parvoz marshrutlari va jadvali, shuningdek, mahalliy va xorijiy sayyohlar uchun xizmatlar paketini shakllantirish masalalari atroflicha muhokama qilingan.

Loyiha doirasida viloyatning tarixiy obidalari, tabiiy manzaralari va turistik hududlarini vertolyot orqali havodan tomosha qilish imkonini beruvchi yo‘nalishlar taklif etilishi rejalashtirilmoqda.
Tajriba tariqasida Samarqand xalqaro turizm markazi aerodrom sifatida belgilanib, Samarqand shahri, Jomboy, Payariq va Nurobod tumanlari bo‘ylab parvozlar amalga oshiriladi. Keyinchalik talabdan kelib chiqqan holda parvoz yo‘nalishlarini kengaytirish ko‘zda tutilgan.
Ma’lum qilinishicha, joriy yilning mart oyidan viloyat bo‘ylab havo ekskursiyalarini tashkil etish rejalashtirilgan. Mazkur loyiha viloyatda turizm xizmatlari turlarini diversifikatsiya qilish, sayyohlar oqimini oshirish hamda hududning turistik jozibadorligini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.