Vertolyotlardan dezinfeksiya uchun dori sepilishi haqidagi xabar rad etildi

Ijtimoiy tarmoqlarda vertolyotlar orqali dezinfeksiya qilinishi haqidagi xabarlar tarqaldi.

«Bugun 23:00 va tonggi 5:00 gacha vertolyotlar dezinfeksiya uchun dori sepadi. Deraza va balkonlar yopiq bo‘lishi lozim va 23:00 dan so‘ng ko‘chalarda yurish mumkin emas. Harbiy qismdan xabar berishdi».

Sog‘liqni saqlash vazirligi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, yoshlar ittifoqi va Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi hamkorligida tashkil etilgan @koronavirusinfouz kanali yuqoridagi xabarni rad etdi. Bu ma’lumot yolg‘on va haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.

O‘z navbatida, yolg‘on xabar tarqatganlik uchun jinoiy javobgarlik mavjudligi eslatib o‘tilgan.

Aholi orasida vahima chiqarishga qaratilgan materiallarni tayyorlash yoki ularni tarqatish maqsadida saqlash 44 million 600 ming so‘mdan 89 million 200 ming so‘mgacha miqdorda jarima yoki 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Aholi orasida vahima chiqarishga qaratilgan ma’lumotlar va materiallarni har qanday shaklda tarqatish 66 million 900 ming so‘mdan 89 million 200 ming so‘mgacha miqdorda jarima yoki 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.