Maktablarga dezinfeksiya vositalari mahalliy hokimliklar tomonidan yetkazib beriladi, o‘qituvchilar tomonidan emas
Ijtimoiy tarmoqlarda pandemiya sharoitida maktab faoliyatini tashkillashtirish uchun o‘qituvchilardan talab etilayotgan turli sanitariya-gigiyena vositalari aks etgan ro‘yxatlar tarqalmoqda.
Ushbu taqalayotgan xabarlar yuzasidan Xalq ta’limi vazirligi quyidagilarni ma’lum qiladi:
Kecha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida o‘quv yiliga tayyorgarlik masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishida mazkur masalalarga alohida to‘xtalib o‘tildi. Unda maktablar uchun pirometr va dozatorlar xarid qilish hamda ularni hududlarga yetkazish bo‘yicha mutasaddi vazirliklarga topshiriqlar berildi. Maktablarni dezinfeksiya va antiseptik vositalari bilan ta’minlashga esa viloyat hokimliklari mas’ul etib belgilandi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Xalq ta’limini boshqarish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq xalq ta’limi muassasalarini qo‘llab-quvvatlash, xususan, tegishli hududda umumta’lim muassasalariga yordam ko‘rsatishni tashkil etish va muvofiqlashtirish mahalliy hokimliklar tomonidan amalga oshirilishi belgilangan.
Shu sababli maktablarda ta’lim jarayonini tashkil etishda qo‘llaniladigan dezinfeksiya vositalarining birortasi ham o‘qituvchilar tomonidan xarid qilinmasligini, ota-onalar tomonidan esa faqatgina farzandining sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya etishlari uchun tibbiy niqob va shaxsiy antiseptiklar bilan ta’minlanishini ma’lum qilamiz.
Pandemiya sharoitida umumta’lim maktablariga pirometr, dezinfeksiya vositalari, dozatorlar hamda antiseptiklar markazlashgan xolatda yetkazib beriladi.
"Hurmatli o‘qituvchilarimizdan maktablarda bu kabi holat kuzatilayotgan bo‘lsa, huquqni muhofaza qilish organlariga murojaat qilishlarini so‘raymiz", deyilgan vazirlik xabarida.