Samarqandda katta adabiyot kechasi o‘tkazildi

Avval xabar berganimizdek, “Qoraqalpoq adabiyoti kunlari” munosabati bilan O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq shoiri, Qoraqalpog‘iston Yozuvchilar uyushmasi raisi Kengesboy Karimov boshchiligidagi yozuvchi shoirlarning bir guruhi Samarqand shahrida bo‘lib turibdi.

Kecha, mehmonlar temiryo‘l vokzali orqali O‘zbekiston xalq shoiri, Yozuvchilar uyushmasi raisi S.Sayyid, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist, yozuvchi va shoir, Oliy Majlis Senati a’zosi F.Toshev, viloyat hokimning o‘rinbosari R.Qobilov hamda viloyatimiz ijodkorlari tomonidan kutib olindi.

Ijodkorlar ziyoratni dastlab, O‘zbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti qo‘nim topgan Hazrati Xizr majmuasidan boshlashdi. 

Ularning keyingi manzili Samarqand xalqaro aeroporti bo‘ldi. Zamonaviy aeroport buyuk bobo kalonimiz Mirzo Ulug‘bekning “Zijji Ko‘ragoniy” kitobi va uning tom qismida yulduzlar xaritasi joylashgani aytib o‘tildi. Shundan so‘ng mehmonlar Mirzo Ulug‘bek rasadxonasiga yo‘l oldi. Muzeyidagi tarixiy ashyolar, rasadxonaning ko‘rinishi ularda katta taassurot qoldirdi. Mehmonlar ishtirokida Xo‘ja Doniyor majmuasi ham ziyorat qilinib,  qiziqarli ma’lumotlar taqdim etildi.

Ijodkorlar viloyat Matbuot uyida ham bo‘lishib, "Zarafshon"  va "Samarkandskiy vestnik", "Ovozi  Samarqand" gazetalari tahririyatlarida yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi, tahririyatlar xodimlari bilan ijodiy muloqot bo‘lib o‘tdi. Shuningdek,  matbuot tarixi muzeyini tomosha qildi, saqlanayotgan eksponatlar ularda katta taassurot qoldirdi.   Mehmonlarga esdalik sovg‘alar tarqatildi.

Ijodkorlar kechga Samarqand turistik markazda bo‘lishib, “Boqiy shahar”ni tomosha qilishdi.

Shuningdek, adabiyot bayrami ishtirokchilari Samarqand shahridagi Yoshlar markazida jam bo‘lishdi. Tadbirda sermahsul ijodkorlar O‘zbekiston xalq shoiri, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq shoiri Rustam Musurmon, shoir G‘ayrat Majid, “Amudaryo” jurnalining bosh muharriri, shoir Xalila Davlatnazarov adabiyotning qudrati, bugungi kundagi o‘rni va roli ayniqsa, adabiyotni yoshlar to‘liq o‘rganishi nechog‘lik muhimligi ta’kidlandi. Viloyatimiz ijodkorlaridan shoira Jumagul Suvanova, shoir Yormamat Rustamov va boshqalar qoraqalpoqlarga atalgan o‘z ijod namunalarini o‘qib bergani davraga yanada zavq bag‘ishladi. Bu yerga kelgan, adabiyot muallimlari, talaba yoshlar, ma’naviyatchilar chinakam adabiyot sabog‘ini oldilar.

-  Samarqandda ijodkorlar talaygina, ayniqsa, ularga berilayotgan e’tibor natijasida ular soni yanada oshayotganini Samarqandga tashrifimiz boshlanganidan va bugungi diydorlashuvda ko‘rdim, - deydi Qoraqalpog‘iston Yozuvchilar uyushmasi raisi Kengesboy Karimov. - Ular nafaqat viloyatingizda shoir va adabiyotchilar bo‘lib yetishib chiqayotgani balki respublikadagi o‘rni, ijtimoiy faolligi oshib borayotgani maqtovga loyiq. Shu sabadan biz Sizlarni Qoraqalpoqqa adabiyot bayramiga taklif etamiz. Hozirda Nukus tumanidagi bunyodkorlik va obodonchilik ishlarida Samarqandliklar biz qaraqalpog‘liklarga yaqindan ko‘mak berib kelayotgani ham birdamligimizni yanada mustahkamlaydi. 

Tadbir davomida Qoraqalpoq xalq yozuvchisi Sharap Usnatdinovning “Ibrohim Yusupov” roman-essesi taqdimoti ham o‘tkazildi. Mehmonlar uning ijodi, faoliyati haqida samarqandliklarga so‘zlab berdi. Uning qoraqalpoq va o‘zbek she’riyatiga qo‘shgan hissasi alohida tilga olindi.

-  Ijod ahli borki diydorlashishni yaxshi ko‘radi, - deydi Yozuvchilar uyushmasi Samarqand viloyat bo‘limi raisi T.Tugalov. – Bugungi o‘tkazilgan adabiyot kechasi haqiqiy ma’nodagi she’riyat va adabiyot kuni bo‘ldi. Biz viloyat ijodkorlari qoraqalpoqlik ustozlar va hamkasblar bilan dildan suhbatlashdik, ular bilan tajriba almashdik. Kelgusida bu kabi uchrashuvlarni an’anaga aylantirishga kelishib oldik. Ertaga adabiyot bayrami tumanlarda ham o‘tkaziladi. “Qoraqalpoq adabiyoti kunlari” ertaga Samarqand shahridagi “Nurafshon” madaniyat saroyida konsert dasturi bilan yakunlanadi.

Husan ELTOYeV.