"Samarqandda ta’lim tarixi" ko‘rgazmasini viloyat hokimi ochdi

Bugun, 28 avgust kuni Registon maydonida Mirzo Ulug‘bek madrasasi tashkil etilganining 600 yilligi munosabati bilan "Samarqandda ta’lim tarixi" ko‘rgazmaning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Unda viloyat hokimi Erkin Turdimov va SamDU rektori R.Xolmurodov so‘zga chiqib, jamiyat uchun ta’limning ahamiyati, Registonning o‘zbek xalqi ta’lim tizimida katta poydevor vazifasini o‘taganini ta’kidlashdi.

Ko‘rgazmani Mirzo Ulug‘bek madrasasida tashkil etishdan maqsad -Temuriylar hukmronligi davrida ilm-fan, ma’rifat, me’morchilikka yuksak e’tibor qaratilganligini ko‘rsatishdan iborat. Madrasa ta’lim, tarbiya, ilm-fan, madaniyat va san’atni rivojlantirishga qaratilgan shaharsozlikning ajoyib namunalaridan biridir. Mirzo Ulug‘bek Temuriylar davrida ilm-fan va madaniyat rivojiga katta hissa qo‘shgan hukmdor. Samarqand astronomiya maktabi esa o‘sha davrdagi muhim ilmiy markaz hisoblangan. Ulug‘bek madrasasi va observatoriyasi jahon madaniyati va ilm-fani tarixida ulkan ahamiyatga ega bo‘lib, mamlakat rivojiga xizmat qilgan. Ko‘rgazmaga madaniyat va ta’lim arboblari tashrif buyurishdi.

Rasmiy marosimdan so‘ng mehmonlar muzey eksponatlari bilan tanishdilar, deb xabar berdi Samarqand viloyati turizmni rivojlantirish departamenti matbuot xizmati.