Samarqandlik jurnalistlar mehnati e’tirof etildi
Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuniga bag‘ishlangan tadbirlar davom etmoqda. Bugun Samarqand shahrida viloyatimizdagi tahririyatlarda mehnat qilayotgan faol xodimlar, nashriyotlar vakillari, hokimlik va tashkilotlarning axborot xizmati xodimlari hamda blogerlar jam bo‘ldi.
Dastlab ishtirokchilar “Sharq yulduzi” kinoteatriga taklif qilindi. Unda “Yalangto‘sh Bahodir” tarixiy-badiiy filmi tomosha qilindi.
Tadbirning ikkinchi qismida viloyat hokimi Erkinjon Turdimov ishtirok etib, matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlarini bayram bilan qutladi. To‘rtinchi hokimiyat ham jamiyat, ham davlat taraqqiyotida muhim bo‘g‘ini ekanligi, unda mehnat qilayotganlar o‘z kasbining fidoyilari hisoblanishi ta’kidlandi.
Tadbirda “Samarqandning eng faol jurnalisti” tanlovi g‘oliblari taqdirlandi. Shuningdek, bir guruh soha vakillariga viloyat hokimligining tashakkurnomalari topshirildi. Qalam ahli uchun konsert tashkil etildi.