Saylovga jalb qilingan xodimlarga haq to‘lanadimi?

Saylov komissiyasi a’zolari bajargan ishlari uchun maosh oladimi yoki yo‘qmi? Bu borada so‘nggi vaqtlarda bo‘layotgan ko‘plab savollarni inobatga olib, huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev masalaga aniqlik kiritdi.

Unga ko‘ra, joriy yil bo‘lib o‘tadigan saylov kampaniyasida saylov komissiyalari faoliyatiga jalb etiladigan xodimlarning mehnatiga haq to‘lash masalalari avvalgi yillardagi saylovlardagi amaliyotdan kelib chiqib, yangicha yondashgan tarzda tashkillashtirilmoqda.

Bu nimalarda o‘z aksini topadi?

Birinchidan, asosiy ish joyiga ega bo‘lgan va komissiya faoliyatiga jalb etilgan fuqarolarimiz ishlab chiqarish yoki xizmat vazifalarini bajarishdan to‘liq yoki qisman ozod qilinadi va ularning asosiy ish joylarida ish haqlari to‘liq saqlangan holda saylov ishlariga jalb etiladi. Bular kimlar? Ularning qariyb 71 foizi davlat idoralari va muassasalari xodimlari, shu jumladan, xalq ta’limi xodimlaridir (47,3 %).

Ikkinchidan, (bu avvalgi saylovlarda kuzatilmagan amaliyot) asosiy ish joyiga ega bo‘lgan holda komissiya faoliyatiga jalb etilgan fuqarolarimizga asosiy oyliklaridan tashqari, transport va boshqa xarajatlar uchun komissiya raislariga 500 ming so‘mdan, boshqa a’zolarga 250 ming so‘mdan (bu soliq chegirilgandan keyin qo‘lga tegadigan miqdor) kompensatsiya to‘lanishi belgilandi.

E’tibor bering: joriy yilgi saylov kampaniyasi uchun 230 milliard so‘m ajratilgan bo‘lsa, shundan 70,6 milliard so‘mi, ya’ni 30,6 foizi aynan yuqoridagi qariyb 170 ming nafardan ortiq jalb qilingan komissiya a’zolariga qo‘shimcha kompensatsiya to‘lovlari uchun sarflanishi rejalashtirilmoqda.

Bundan tashqari, komissiyalar faoliyatiga qariyb 8 foizga yaqin vaqtincha ishsiz bo‘lgan va nafaqadagi fuqarolarimiz ham jalb etilgan bo‘lib, ulardan rais lavozimiga jalb etilganlarga 9 razryad bo‘yicha 1,5 million so‘m miqdorida, rais o‘rinbosarlariga 8 razryad bo‘yicha 1,4 million so‘m miqdorda va a’zolarga 4 razryad bo‘yicha 1 million so‘m miqdorda bir martalik ish haqi to‘lovlari amalga oshiriladi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 6 noyabrdagi PQ-4004-son qaroriga muvofiq ish beruvchilarga saylovlarni o‘tkazish davrida jamoatchilik asosida ishlab kelayotgan tuman va shahar saylov komissiyalari raisi, uning o‘rinbosari yoki kotiblariga yuqori turuvchi komissiyalarning tavsiyalariga ko‘ra, oylik maoshiga asosiy ish joyi moddiy rag‘batlantirish jamg‘armasi hisobidan 50 foiz miqdorida ustama belgilanishi tavsiya etilgan.