Senatorlar “Inson a’zolari va to‘qimalarining transplantatsiyasi to‘g‘risida”gi Qonunni ma’qullashdi

Oliy Majlis Senatining 25-yalpi majlisida davlat rahbari tomonidan bildirilgan takliflar asosida takomilashtirilgan “Inson a’zolari va to‘qimalari to‘g‘risida”gi Qonun muhokama qilindi.

Ta’kidlanishicha, bildirilgan takliflar asosida senatorlar tomonidan tegishli vazirlik va idoralar hamda mahalliy kengashlarning doimiy komissiyalari bilan birgalikda qonunning samarali ijrosini ta’minlash bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqilgan.

“Yo‘l xaritasi”da transplantatsiya jarayonlarini sifatli amalga oshirilishi uchun zarur bo‘lgan qonunosti hujjatlarni ishlab chiqish, ushbu xizmatni aholiga yaqinlashtirish va barcha hududlarda buyrak transplantatsiyasi amaliyotini yo‘lga qo‘yish, tegishli davlat tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasini yaxshilash hamda yuqori malakali tibbiyot kadrlarni tayyorlash kabi yo‘nalishlar qamrab olingan.

Qonun qabul qilingandan so‘ng “Yo‘l xaritasi”da belgilangan vazifalar ijrosi senatorlar tomonidan joylarda doimiy ravishda nazorat qilib boriladi.

Mazkur Qonun qabul qilinishi bilan sohaning normativ-huquqiy bazasini takomillashtirishga, aholining huquqiy va ijtimoiy-iqtisodiy himoyasiga qaratilgan davlat siyosatini amaldagi qonunchilik asoslari bilan to‘ldirishga imkoniyat yaratiladi.

Shuningdek, Qonun kasallanish va inson a’zolaridagi qaytarib bo‘lmaydigan jarayonlar tufayli o‘limga olib keluvchi holatlarni qisqartirishga xizmat qiladi.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.