Suvsiz qolgan Niagara, qon guruhinio‘zgartirishga muvaffaq bo‘lgan qizaloq...

Insoniyat tarixida faqat bir marta sodir bo‘lgan va hech qachon takrorlanmagan voqealar kuzatilgan. Ular noyobligi bilan odamlarni hayratda qoldirib, jahon tarixida iz qoldirgan, ajablantirgan va ko‘plab savollar tug‘dirgan.Quyida shular haqida so‘z yuritamiz.

Suvsiz qolgan Niagara

1969 yilda dunyoning eng mashhur tabiiy mo‘’jizalaridan biri hisoblangan Niagara sharsharasi suvsiz qoldi. O‘sha yili olimlar sharshara ostidagi geologik xususiyatlarni o‘rganish maqsadida Niagara daryosi oqimini to‘xtatishga qaror qilishdi. Tadqiqotchilar uch kun davomida tosh to‘ldirilgan 1200 dan ortiq yuk mashinalari yordamida Amerika tomonidagi suv oqimini to‘sib qo‘yib, vaqtincha Kanada tomon burishdi.

Bunday tajriba sayyohlarni cho‘chitib yuborishi kutilgan edi, biroq aksi yuz berib, tomoshani ko‘rish uchun 10 mingdan ortiq odam keldi. Ular nafaqat qurigan sharsharani kuzatishdi, balki asrlar davomida boshqa sayyohlar qoldirgan tangalarni yig‘ib olishga muvaffaq bo‘ldi.

Tadqiqot davomida muhandislar ko‘p yillik toshlar va qoldiqlar to‘planib qolgani, shuningdek, shaxsini aniqlashning imkoni bo‘lmagan ikkita - erkak va ayolning jasadini ham topishdi. Tajriba qoyalarni mustahkamlash va kelajakda sharsharaning vayron bo‘lishining oldini olishga imkon berdi va besh oy o‘tib,o‘zining odatiy kuchiga qaytdi va hozirgachamillionlab odamlarni quvontirib kelmoqda.

Samolyot opqochuvchisi topilmadi

Samolyotni bezbetlarcha o‘g‘irlab ketishvoqealaridan biri 1971 yilning 24 noyabrida sodir bo‘ldi. Den Kuper ismli shaxs AQShning Portlend shahridan uchayotgan samolyotga portfelidagi bomba bilan chiqishga muvaffaq bo‘lib, 200 ming dollar va ikkita parashyut talab qilgan. Talablari qondirilgach, samolyot opqochuvchisi yo‘lovchilarni qo‘yib yubordi va ekipajni samolyotni havoga ko‘tarishga majburladi. Biroz vaqt o‘tgach, u orqa eshikni ochibparashyut bilan sakradi va izsiz g‘oyib bo‘ldi. Yillar davomida qidirilganligiga qaramay, u hech qachon topilmagan.

2016 yilda Kuperning shaxsini oshkor qila olmagan Federal tergov byurosi ishni rasman yopdi.Bugungi kungacha bu voqea aviasiya tarixidagi eng sirli va muvaffaqiyatli sarguzashtlardan biri bo‘lib qolmoqda.

Qizaloq qon guruhi o‘zgardi

2008 yilda jigar transplantasiyasidan so‘ng 9 yoshli avstraliyalik Demi-Li Brennanning qon guruhi o‘zgardi. Shifokorlar uning qon hujayralari endi organi olingan donornikiga o‘xshashligini aniqladilar. Ko‘rinishidan, donor jigarining ildiz hujayralari qizaloq qon hujayralarini o‘zgartirib yubordi. Li esa jigar bilan birga uning immunitet tizimini qabul qilganga o‘xshaydi, deydi shifokorlar.

Ajablanarlisi, qizaloq tanasi ko‘chirib o‘tkazilgan organni rad etmasligi uchun dori-darmonlar ham qabul qilish kerak emas edi. Bu tibbiyotdagi noyob va takrorlanmaydigan hodisa va Demi-Li ko‘p yillar davomida hech qanday dorisiz yashab kelmoqda, deydi mutaxassislar.

Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.