“Svet” o‘chmaganda chetga chiqmasdim”

“Yetti yil xorijda ishladim, oson bo‘lmadi. Oylik vaqtida berilmasdan, pulsiz qolgan kunlarim ko‘p bo‘lgan. Chetga chiqishimga qishloqda “svet”ning tez-tez o‘chishi sabab bo‘lgan”.

Narpaylik tadbirkor Baxtiyor Xudoyberdiyev xorijda ishlab, boshidan kechirgan qiyinchiliklari, sabr bilan orttirgan tajribasi va bugungi faoliyati haqida gapirib berdi.

- Qishloqda maktabni bitirib, kasb-hunar kollejida o‘qidim, - deydi u. – Oliy o‘quv yurtiga kirish nasib qilmadi. Kollejning diplomi bilan ish topish katta muammo edi. Bir hunarmandga shogird tushib, duradgorlik bilan shug‘ullana boshladim. Keyinchalik o‘zim mustaqil mebel sexini tashkil qildim, ammo o‘sha paytlardagi elektr energiyasidagi uzilishlar erkin ishlashga yo‘l bermadi. Xorijga ketishga majbur bo‘ldim. Chet davlatda ishlashning ham o‘zi bo‘lmadi. Oylikni vaqtida ololmagan, pulsiz qolib ketgan kunlarim ko‘p bo‘ldi. Vatanga qaytsam korxona ochishni va birinchi navbatda, ishchilarga xizmati, msehnatiga yarasha haq berishni maqsad qildim.

Baxtiyor yurtiga qaytib maqsadiga erishdi. U tashkil qilgan korxonada 10 nafardan ziyod ishchi mehnat qiladi va barchasi undan rozi.

Xorijda turli ishlab chiqarish korxonalarida mehnat qildim, - deydi B.Xudoyberdiyev. – Bir kichikroq sex tashkil qilishga yetarli mablag‘ to‘pladim. Asosiysi, tajriba orttirdim. Xorijga 2010 yil ketgan bo‘lsam, 2017 yilda ota-onam uyga qaytishimni, O‘zbekistondayam tadbirkorlik qilish uchun qulay sharoitlar yaratilayotganini, “svet” o‘chmayotganini aytdi. Yurtga qaytib, bozorni o‘rgandim va otamning hovlisning bir qismida polietilen paket ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydim. Mana, shundan buyon faoliyatimiz kundan-kunga kengayib boryapti. Korxonamiz yiliga 1 milliard 200 million so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega.

Baxtiyor Xudoyberdiyev xorijda orttirgan tajribasiga tayanib, kelgusida faoliyatini yanada kengaytirishni, yangi loyihalarni amalga oshirib, qishloq odamlari uchun ko‘plab ish o‘rinlari yaratishni maqsad qilgan.

Dilshoda Yusupova,

Baxtiyor Mustanov,

Husan Eltoyev (video, foto).