Talabalar "Zakovat" intellektual o‘yinida bellashdi
Yoshlarning har tomonlama bilimli, yetuk shaxs bo‘lib yetishishi mamlakatning bugungi kuni va ertasi rivoji uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Shu nuqtai nazardan Samarqand davlat chet tillar institutida yoshlarning ta’lim olishi, o‘z iste’dodlarini ro‘yobga chiqarishi uchun zarur sharoitlar yaratib berilmoqda.
Prezidentimizning 2022 yil 20 yanvardagi “Zakovat intellektual o‘yinini aholi orasida ommaviy-ma’rifiy harakatga aylantirish va boshqa intellektual o‘yinlarni rivojlantirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarori ijrosini ta’minlash va talabalar orasida bilim olish, kitobxonlik, zakovatni keng targ‘ib qilish, shuningdek, ularning bo‘sh vaqtlarini maroqli tashkil etish maqsadida turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etilib kelinmoqda. Jumladan, yaqinda institutning "Talabalar turarjoyi"da istiqomat qiluvchi talabalari o‘rtasida “Zakovat” intellektual o‘yini tashkil etildi.
Unda talaba- yoshlardan tashkil topgan 5 ta jamoa ishtirok etdi.
"The knowledge navigators","Fact finders" "Hexagone","The quiz wizards" va "Mind masters" jamoalari o‘rtasida kechgan murosasiz bellashuvda hakamlar hay’ati ishtirokchilarning ikki tur davomida yiqqan ballarini hisoblab, g‘oliblar e’lon qildi. Natijalarga ko‘ra, "Hexagone" jamoasi birinchi o‘ringa loyiq deb topildi.
Ishtirokchilarga faxriy yorliq hamda o‘zbek va jahon adabiyotining sara namunalaridan jamlangan kitoblar to‘plami sovg‘a qilindi.
Maftuna Narziqulova,
SamDChTI o‘qituvchisi.