“Temir daftar”dagi oilaga 16,5 million so‘m moddiy yordam berildi
Samarqand shahridagi Istiqbol mahallasida “Temir daftar”da ro‘yxatda turgan oila bekasi U.Umarova yashab turgan uy-joyi yaroqsiz holga kelib qolgani, ammo uni ta’mirlash uchun mablag‘i yo‘qligini bildirib, hokimlikdan yordam so‘ragan.
Ushbu murojaat belgilangan tartibda o‘rganilgach, fuqaroning masalasi ijobiy hal etiladigan bo‘ldi. Xalq deputatlari Samarqand shahar kengashining qaroriga asosan, U.Umarovaga xonadonini ta’mirlash uchun “Mahalla” xayriya jamoat fondi Samarqand shahar bo‘linmasi qoshidagi “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi hisobidan 16,5 million so‘m mablag‘ ajratildi.
Umuman, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida fond qoshida tashkil etilgan “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi hisob raqamlariga joriy yilning 8 oyi davomida 25,7 milliard so‘mdan ortiq homiylik mablag‘lari kelib tushgan. Ushbu mablag‘lar hisobidan xalq deputatlari tuman, shahar kengashlari qarorlariga asosan viloyatdagi 2856 ta ehtiyojmand oilaga 2,2 milliard so‘mlik, “Temir daftar”da turgan 5383 ta oila vakillari bandligini ta’minlash, sog‘ligini tiklash va uy-joyini ta’mirlash uchun 16,4 milliard so‘mlik, “Ayollar daftari”ga kiritilgan 1086 nafar xotin-qizlarga 766,5 million so‘mlik moddiy yordam berilgan.
Shuningdek, Samarqand shahridagi mahallalarda yashovchi, “Temir daftar” va “Ayollar daftari”da ro‘yxatda turgan oilalarning 1000 nafar farzandlariga maktab formasi olib berish uchun 550 million so‘m mablag‘lar yo‘naltirildi, deya xabar bermoqda “Mahalla” xayriya jamoat fondi Samarqand viloyat bo‘limi axborot xizmati.