Tilxat bilan qarzni undirsam bo‘ladimi?
- Bir tanishimga ko‘p miqdorda pul qarz berganman. Notariusga borishga imkoniyat bo‘lmaganligi uchun tanishim o‘z vaqtida qaytarib beraman, degan mazmunda tilxat yozib bergan edi.
Oradan bir necha yil o‘tdi, qaytarmayapti. O‘sha tilxat bilan qarzimni undirsam bo‘ladimi?
Ilhom QUVONDIQOV,
Kattaqo‘rg‘on tumani.
- Ha, bo‘ladi. Faqat qarzdor bergan tilxat qarz shartnomasining ayrim shartlariga javob berishi kerak. Fuqarolik kodeksining 733-moddasi 3-qismiga ko‘ra, agar qarz oluvchining tilxati yoki unga qarz beruvchi tomonidan muayyan summa yoki ma’lum miqdordagi ashyolar topshirilganligini tasdiqlaydigan boshqa birorta hujjat mavjud bo‘lsa, o‘sha vaqtda qarz shartnomasi yozma shaklda tuzilgan hisoblanadi.
Agar qarz majburiyati qarz oluvchi tomonidan berilgan veksel, obligatsiya yoki qarz summasini va qarz beruvchining uni undirib olish huquqini belgilaydigan boshqa qimmatli qog‘oz bilan tasdiqlangan bo‘lsa, qarz shartnomasining yozma shakliga rioya qilingan hisoblanadi.
Zafar QARShIYeV,
huquqshunos.