“Toshkent-Samarqand" yo‘li sutkaning yorug‘ vaqtida transport vositalarining harakatlanishi uchun ochildi
Hurmatli Sirdaryo viloyati hududidan tranzit tartibida harakatlanib o‘tadigan haydovchilar!
Xabaringiz bor, 2020 yil 1 may kuni Sirdaryo viloyatidagi “Sardoba” suv ombori to‘g‘onida yuzaga kelgan favqulodda hodisa oqibatida Sardoba, Mirzaobod va Oqoltin tumanlari hududlaridagi aholi yashash punktlari, suv toshqini yo‘nalishidagi dala maydonlaridagi ekinlarga ham jiddiy talafot yetdi.
Shu bilan bir qatorda ushbu suv toshqini oqibatida yuqoridagi hududlardagi xalqaro, davlat va mahalliy avtomobil yo‘llari, yo‘l ko‘priklariga ham jiddiy zarar yetib, transport vositalarini harakatlanishi cheklandi.
Tegishli tashkilotlar tomonidan olib borilgan qurilish-ta’mirlash, montaj ishlari davomida Oqoltin tumani hududidan o‘tgan M-34 avtomobil yo‘li bilan Guliston yo‘nalishi bo‘yicha o‘tgan M-34 yo‘lini bog‘lab turuvchi A-373 xalqaro ahamiyatdagi avtomobil yo‘lining 37-kilometrdan 0 kilometrgacha bo‘lgan hududining "Toshkent-Samarqand" yo‘nalishi 2020 yil 13 iyun kunidan transport vositalarining sutkaning yorug‘ vaqtida harakatlanishi uchun ochildi.
Hozirgi kunda ham tegishli tashkilotlar tomonidan kerakli maxsus transport vositalari jalb etilgan holda ushbu avtomobil yo‘li hamda ko‘priklarda ta’mirlash ishlari jadal sur’atlarda amalga oshirilmoqda.
Yuqoridagilarni inobatga olib, viloyat hududidan boshqa viloyatlarga tranzit tartibida harakatlanayotgan haydovchilar va fuqarolarga "Toshkent-Samarqand" yo‘nalishi bo‘yicha transport vositalarida harakatlanish vaqtida M-34 avtomobil yo‘lining 103-kilometridan A-373 avtomobil yo‘lidan foydalangan holda harakatlanib o‘tishlari mumkinligi, lekin yo‘lning ochilgan qismidagi yo‘l o‘tkazgich ko‘priklarda ta’mirlash ishlari olib borilayotganligi hamda tirbandliklarni oldini olish maqsadida sutkaning qorong‘u vaqtida transport vositalari M-34 avtomobil yo‘lining 103-kilometr "Toshkent-Dushanbe" yo‘nalishi bo‘yicha harakatlanishda davom etishlari mumkinligini bildiramiz.
Shu bilan birga, Sirdaryo viloyatidan tranzit tarzda Jizzax yo‘nalishidan Toshkent va vodiy viloyatlarga yo‘l olgan transport vositalari haydovchilari A-373 avtomobil yo‘lining 17-37 kilometrlarida ta’mirlash ishlari ketayotganligi sababli Mirzaobod tumani hududidan o‘tgan 4R-18A avtomobil yo‘li orqali Guliston shahar yo‘nalishi tomon harakatlanib, M-34 avtomobil yo‘lining 119 kilometridagi chorrahaga chiqib, Toshkent va vodiy viloyatlari tomon yo‘nalishga chiqib ketishlari mumkin.
Yuqoridagilarni inobatga olib, haydovchilardan yo‘llarning ushbu qismidan harakatlanayotgan vaqtida yo‘l harakati qoidalari hamda tartibga soluvchining ishoralariga amal qilgan holda transport vositalarini boshqarishlarini so‘rab qolamiz.
Yo‘lingiz bexatar bo‘lsin!
O‘zbekiston Respublikasi IIV YHXBB axborot xizmati.