Ukrainadagi ziddiyat: so‘nggi voqealar

Kiyev teleminorasiga berilgan zarba oqibatida besh kishi halok bo‘ldi, besh kishi jarohatlandi. Bu haqda Ukraina favqulodda vaziyatlar davlat xizmati xabar berdi.

Kiyev meri Vitaliy Klichkoning so‘zlariga ko‘ra, transformator podstansiyasi va minoradagi boshqaruv xonasi shikastlangan. Portlash natijasida poytaxtda eshittirishlar vaqtincha to‘xtatilgan.



Avvalroq Rossiya Mudofaa vazirligi “Rossiyaga axborot hujumlari sodir bo‘layotgan Kiyevdagi qator harbiy ob’yektlarga uzoq masofali qurollar bilan zarba berish” rejalari haqida ogohlantirgan va aholini uylarini tark etishga chaqirgan edi.

Kiyev yaqinidagi Brovari shahrida bir kun avvalgi aviazarbadan keyin vayronalar tozalanmoqda, natijada 8 kishi jarohatlangan va poytaxtga sharqdan olib boruvchi trassadagi nazorat punkti shikastlangan.

Rossiya qo‘shinlarining Xarkov markaziga raketa hujumlari natijasida kamida 10 kishi halok bo‘lgan, 35 kishi yaralangan, dedi Ukraina IIV maslahatchisi Anton Gerashchenko. Uning aytishicha qurbon va yaradorlar ko‘proq bo‘lishi mumkin.

Seshanba kuni Rossiya Mudofaa vazirligi Azov dengizining Ukraina qirg‘oqlarini nazoratga olganini, shuningdek, Moskva tomonidan tan olingan DXRning otryadlari Rossiya qo‘shinlari tarkibiga qo‘shilganini e’lon qildi.

Xabar berilishicha, bugun, chorshanba kuni Ukraina va Rossiya delegatsiyalari o‘rtasidagi muzokaralarning ikkinchi raundi rejalashtirilgan. Dushanba kuni Belarus-Ukraina chegarasi bo‘yicha 6 soat davom etgan muzokaralardan so‘ng tomonlar "muayyan qarorlarni belgilab" olishgan va poytaxtlarda maslahatlashuvlardan so‘ng yana uchrashishga kelishgan edi.

Shuningdek, bugun Venada Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlikning yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi. Rossiya kuchlari Chernobil atom elektr stansiyasini nazoratga oldi. MAGATE esa Moskva harakatlari Ukraina yadroviy inshootlari xavfsizligiga jiddiy tahdid solishi mumkinligidan xavotirda.