Vazir SamDAQUga keldi
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov universitetda bajarilayotgan transformatsiya jarayonini o‘rganish maqsadida Mirzo Ulug‘bek nomidagi Samarqand davlat arxitektura-qurilish universitetida bo‘ldi.
Dastlab universitetda yangi qurilayotgan 4238 o‘rinli o‘quv binosi va 5 ta o‘quv-laboratoriya binolari, 3 ta 1155 o‘rinli talabalar turar joyi binolarining holati hamda sharoitlarini ko‘zdan kechirdi. Universitetda amalga oshirilgan obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari, rekonstruksiya qilingan arxitektura fakulteti o‘quv binosi hamda 308 o‘rinli talabalar turar joyi binosi va boshqa qurilish-ta’mirlash ishlari bilan tanishdi.
Universitetning qurilish fakulteti o‘quv binolarini kapital ta’mirlab, talabalar turar joyiga aylantirish, shu yo‘l bilan yotoqxona o‘rinlarini oshirish bo‘yicha fikr bildirdi.
Vazir tomonidan yetakchi xorijiy oliy ta’lim muassasalari tajribasidan kelib chiqib, universitetda hozirgi vaqtda foydalanilmay turgan xo‘jalik binolarining o‘rniga laboratoriyalar kompleksi va inkubatsiya markazini qurish taklifi kiritildi. Vazir universitetni ilg‘or xorijiy tajriba asosida transformatsiya va modernizatsiya qilish borasida e’tirof etib, o‘z tavsiya va takliflarini berdi.
SamDAQU axborot xizmati.