Viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi: “Olimpiadaning shaffof o‘tishi uchun barcha imkoniyatlarni ishga solyapmiz”
Samarqand viloyatida asosiy fan olimpiadalari har yili 14 ta fandan o‘tkazilib kelinmoqda. O‘tgan yili viloyatimiz maktab o‘quvchilari fan olimpiadasining respublika bosqichida sovrinli o‘rinlarni egallay olmagan edi. Bu yil viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi asosiy fan olimpiadasining viloyat bosqichini shaffof va adolatli o‘tkazishga bel bog‘lagan. Viloyat Matbuot uyida jurnalistlar uchun tashkil etilgan matbuot anjumani aynan shu mavzu doirasida bo‘ldi.
- Fan olimpiadasining viloyat bosqichida jami 3089 nafar o‘quvchi qatnashishi kutilmoqda. - dedi viloyat maktabgacha va maktab ta’limi bo‘lim boshlig‘i Xurshid Xoliqulov. – Ulardan g‘olib bo‘lgan, ya’ni birinchi va ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan 11-sinf o‘quvchilaridan 48 nafari fan olimpiadasining respublika bosqichida ishtirok etadi. Biz fan olimpiadasining faqat tashkiliy ishlarini bajaramiz. Savollar vazirlikdan o‘sha kuni elektron tarzda yetkaziladi. Hatto savollarni tarqatishda ham biz ishtirok etmaymiz. Olimpiadaning shaffof o‘tishi uchun barcha imkoniyatlarni ishga solyapmiz. Natija respublika bosqichi o‘tgach bilinadi.
Darhaqiqat, bu yilgi fan olimpiadasi avvalgilardan biroz farq qiladi. O‘quvchilar imtihon jarayoniga faqat beyjikda kiritiladi. Ularga maxsus shifrlangan daftarlar tarqatiladi. Daftarda o‘quvchining ism-familiyasi yozilmaydi. Hakamlar hay’ati natijalarni baholashda kimning daftarini tekshirayotganini bilmaydi.
Bundan tashqari, ota-onalar ham imtihon jarayonini ijtimoiy tarmoqlar orqali kuzatib borish imkoniga ega bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz: Joriy yilning noyabr oyi boshida birinchi guruh fanlaridan, ya’ni matematika, fizika, informatika va axborot texnologiyalari, kimyo va biologiyadan asosiy fan olimpiadasining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tgan edi. Endi ikkinchi guruh fanlaridan, ya’ni tarix, geografiya, ona tili va adabiyot, o‘zbek tili, rus tili va adabiyoti, tojik tili, ingliz tili, nemis tili, fransuz tilidan fan olimpiadasining viloyat bosqichi 28-30 noyabr kunlari bo‘lib o‘tadi.