Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Xalqaro seminarda turkiyalik olim Imom Moturidiy haqida nimalar dedi?

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Turkiyaning Ig‘dir universiteti hamkorligida “Imom Moturidiyning mo‘’taziliya maktabiga raddiyalari” mavzusida “Zoom” platformasi orqali  xalqaro ilmiy-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.

Seminarda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimlari, hamkor tashkilotlar, yurtimiz va xorijdagi ilmiy doiralar vakillari, diniy yo‘nalishdagi ta’lim muassasalari olimlari va mustaqil tadqiqotchilar ishtirok etdi. 

Unda Ig‘dir universiteti ilohiyot fakulteti o‘qituvchisi, dotsent Yulduzbek Musaxanov ma’ruza qildi. U nutqi avvalida Imom Moturidiy shaxsiga oid qiziqarli ma’lumotlar bilan o‘rtoqlashdi va mavzuning ahamiyatli jihatlari haqida gapirdi.

- Abu Mansur Moturidiy asarlarida dinlar o‘rtasida bag‘rikenglik, hurmat va umuman hamkorlik aloqalarini o‘rnatish masalasiga hayotiy zarurat sifatida yondashilgan, - dedi ma’ruzachi. - Alloma qarashlarida ilgari surilgan chuqur ilmiy va nazariy mulohazalar asosidagi qoida va mezonlar ma’rifiy islomni tushunish va o‘rganishning muhim sharti hisoblanadi. Moturidiy tomonidan mo‘’taziliya maktabi kabi botil oqimlarga qarshi mantiqiy va ilmiy dalillar asosida raddiyalar berilishining yuksak tarixiy qiymati haqida so‘z bordi. Unga ko‘ra, diniy-e’tiqodiy ixtiloflar murakkablashib, yot mutaassib oqimlar faoliyati kuchayib borgan bir sharoitda, sof aqida va kalom ilmlari xulosalariga tayangan moturidiya ta’limotining vujudga kelishi jamiyatni bag‘rikenglik va mo‘’tadillik g‘oyalari asosida birlashtirishga va yot g‘oyalarni xalq orasidan siqib chiqarishga zamin yaratdi.

Ma’ruzachi nutqi davomida Moturidiya ta’limotining mo‘’taziliylar qarashlaridan ustunlik jihatlarini allomaning mazkur maktab vakillariga bergan ilmiy asoslangan raddiyalari orqali batafsil ko‘rsatib berdi.

Tadbirda mavzu yuzasidan qilingan ma’ruzalar muhokama qilindi. Ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga ilmiy asoslangan javoblar qaytarildi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot

markazi matbuot xizmati.