Yangi yil bayramidagi dam olish kunlarida ko‘pchilik Samarqandga keldi
Olti yil Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida ishladim. Bu vaqt davomida ish yuzasidan Yevropaning bir necha davlatlarida bo‘ldim. To‘g‘ri, uyimga har ikki yilda 15-20 kunga kelib ketdim. Biroq yurtimiz bo‘ylab, masalan, Samarqand-u Buxoroga sayohat qilish xayolimga kelmabdi. Bir hafta avval Yangi yil bayramini uyda o‘tkazish uchun kelib, televizorda mamlakatimizdagi ommaviy bayramlarda dam olish kuni uzaytirilishi munosabati bilan aholiga bir qator qulayliklar yaratilganini eshitib qoldim. Unda oilaviy sayohatga otlangan fuqarolar uchun samolyot va poyezdlarda 20-30 foizgacha chegirmalar tashkil etilibdi. Bu imkoniyatdan foydalanib, oilam bilan kecha tongda Buxoroga yo‘l oldik. U yerda ziyorat qilib, mana, bugun Samarqandga keldik. Ochig‘i, shaharning tarixiy qadamjolari, muzey va diqqatga sazovor joylarida bo‘lib, bu yerga oldinroq kelmaganimga afsuslandim va taniqli shoirning “Vatan ichra safarlar ayla, ey do‘st. Vatan yo‘qdir vatandan tashqarida”, degan satrlari bejiz aytilmaganini, o‘zga yurtga sayohat qilishdan oldin o‘z yurting sarhadlari, tarixiy joylarini ziyorat qilish qanchalar zavqli ekanini angladim.
Toshkent viloyati O‘rtachirchiq tumanidan oilaviy sayohatga chiqqan Odil aka Madaminovning bu gaplari mamlakatimizda Yangi yil bayrami kunlarida aholi dam olishlarini maroqli o‘tkazishi uchun yaratilgan imkoniyat samarasidir. Ya’ni, Prezidentimizning 2018 yil 12 noyabrdagi “2019 yilda rasmiy sanalarni nishonlash davrida qo‘shimcha ishlanmaydigan kunlarni belgilash va dam olish kunlarini ko‘chirish to‘g‘risida”gi farmoniga asosan Yangi yil bayramidagi besh kunlik ta’til fuqarolarga to‘liq va foydali dam olish uchun qo‘shimcha sharoit yaratdi. Bu imkoniyatdan foydalangan minglab yurtdoshlarimiz dam olish kunlari Samarqandga sayohat qildi.
Tadbirkorman, Andijon shahridagi “Koinot LTD” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbariman, - deydi andijonlik Anvar Almatov. - Ko‘pdan buyon jamoamiz bilan Samarqandni ziyorat qilish niyatida edik. Ammo bo‘sh vaqt topolmay, kelolmayotgandik. Prezidentimizning Yangi yil bayramida besh kunlik dam olish e’lon qilishi biz uchun ham katta imkoniyat bo‘ldi. Jamoamiz bilan dastlab Imom Buxoriy majmuasida bo‘ldik. Mana, endi Samarqand shahri qadamjolari, o‘tmish va kelajak uyg‘unlashgan obod va ko‘rkam maskanlarini tomosha qilyapmiz. Rosti, ziyoratdan so‘ng o‘zimni tetik, yengil his qilyapman. Kelgusi bayram ta’tilida yana bu tabarruk maskanga sayohat uyushtiramiz.
- O‘qituvchiman, belgilangan ushbu besh kunlik ta’til besh oylik ta’limdan keyin o‘quv yilining ikkinchi yarmini yangi kuch, yangicha shijoat bilan boshlashimizga imkoniyat yaratdi, - deydi Farg‘ona viloyati, Bog‘dod tumanida yashovchi Matluba Shermatova. – Ziyoratimizni Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov mangu qo‘nim topgan tabarruk majmuadan boshladik. Bugungi tinchlik, osoyishtalik, farovon hayotimizning asoschisi haqiga duo qildik. Sayohatga ikki o‘g‘lim, kelin va nabiralarim bilan keldim. Bir o‘g‘lim - Islomjon Samarqandda, Milliy gvardiyada ishlaydi. Uning hamrohligida Samarqandning tarixiy obidalarida bo‘ldik.