Yilning so‘nggi granti o‘z egalariga topshirildi
Xalq deputatlari viloyat Kengashi huzuridagi ijtimoiy sheriklik bo‘yicha jamoat komissiyasining navbatdagi yig‘ilishida viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyati, yutuq va muammolari xususida so‘z bordi.
Viloyat hokimining o‘rinbosari Bahodir Qodirov NNT va ularning davlat idoralari bilan hamkorligi, bugun ushbu tashkilotlar uchun ajratilayotgan grant tanlovlarida ishtiroki borasida fikrlarini bildirdi.
Shuningdek, anjumanda Kengash huzuridagi Jamoat fondi tomonidan 2023 yilning 28 sentyabridan 28 oktyabrigacha bo‘lgan muddatda “Yoshlarni ma’naviy yetuk qilib tarbiyalash hamda bandligini ta’minlashda fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash” mavzusida e’lon qilingan to‘rtinchi davlat granti tanlovi natijalari e’lon qilindi.
- 2023 yil 11 oy davomida viloyatda Davlat dasturining 15 ta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha davlat grantining to‘rtta tanlovi o‘tkazildi, - dedi xalq deputatlari viloyat Kengashi huzuridagi jamoat fondi rahbari Doston Malikov. - Unda viloyatdagi 58 ta NNT, OAV va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari 59 loyiha bilan ishtirok etdi. Shundan 20 ta ijtimoiy ahamiyatli dastur va loyihalar umumiy qiymati 1 milliard 120 million so‘mni tashkil etgan bo‘lib, ushbu loyihalar jamoat komissiyasining tegishli qarorlari bilan qo‘llab-quvvatlandi.
Kengash huzuridagi Jamoat fondi tomonidan to‘rtinchi tanlov g‘oliblariga sertifikatlar topshirildi. Ular orasida viloyat ko‘zi ojizlar jamiyati tomonidan jamiyat a’zolari uchun sport ashyolari sotib olish, Nurobod tumanida “Tadbirkor ayollar” uyushmasi tomonidan xotin-qizlarni kasb-hunarga o‘rgatish, Oqdaryo tumanidagi Oytamg‘ali mahallasida yoshlar bandligini ta’minlash va salomatlik markazini tashkil etish kabilarni amalga oshirish maqsadida mablag‘lar ajratilishi ko‘zda tutilgan.