Yo‘qolib qolgan Abdulloh Tohirov bo‘yicha ilk rasmiy ma’lumot berildi
So‘nggi kunlarda OAV va ijtimoiy tarmoqlarda Abdulloh Tohirov bilan bog‘liq xabarlar tarqalmoqda. Hatto #Adbullohqayerda? xeshtegi tobora avj ola boshladi.
Yoshlar ittifoqi mazkur vaziyat bo‘yicha bir necha kun avval o‘rganish ishlarini boshlagan. Bizga ma’lum qilishlaricha, Abdulloh Tohirov ishi bilan Ichki ishlar vazirligi emas, balki boshqa idora shug‘ullanmoqda va tez orada bu holat bo‘yicha rasmiy ma’lumot beriladi.
“Biz imkonimiz boricha Abdulloh va uning yaqinlariga yordam qo‘lini cho‘zishga tayyormiz. Ayni vaqtda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi huquqni muhofaza qilish idoralaridan holatga oydinlik kiritish va aniq tafsilotlar olishga harakat qilmoqda.
Biz jarayonning ochiq va shaffof o‘tishi, holat bilan bog‘liq aniq ma’lumotlarning jamoatchilikka tezroq taqdim qilinishini istab qolamiz“, deyilgan O‘zbekiston yoshlar ittifoqi bayonotida.
Eslatib o‘tamiz, 20 yashar andijonlik Abdulloh Tohirov joriy yilning 26 oktyabrida Andijon IIBga chaqirtirilgan va shu kundan fuqaro to‘g‘risida hech qanday ma’lumot berilmagan edi.