Suvni isrof qilgan fermer xo‘jaliklari va fuqarolar jazoga tortildi

Masalan, Narpay tumanidagi "Narpay olti o‘g‘il dalalari" fermer xo‘jaligi a’zolari kanalga o‘rnatilgan gidropostni buzib, belgilangan limitdan 200 litr/sekund suvni ortiqcha olgan. "Xadicha Arabboy" fermer xo‘jaligida g‘o‘zani sug‘orish uchun ajratilgan 100 litr/sekund suv kollektor-drenaj tarmog‘iga tashlab qo‘yilgan. "Chinor dala paxtasi" fermer xo‘jaligida g‘o‘zani sug‘orish uchun berilgan suv o‘zboshimchalik bilan egallanib, 1,5 gektar maydonga ekilgan tarvuz va 1 gektar maydondagi karam paykaliga yo‘naltirilgan.

Ishtixon tumanidagi "Umarova Rafoat" fermer xo‘jaligiga qarashli 6,8 gektar paxta maydonini sug‘orishda suv nazoratsiz qoldirilib, katta miqdordagi obihayot zovurga tashlab qo‘yilgan. Bulung‘ur tumanida yashovchi fuqarolar A.Ergashev va S.Toshboyev esa "Bot-Bot" kanaliga noqonuniy ravishda kichik nasos o‘rnatib, piyoz maydonini sug‘organ. Toyloq tuman irrigatsiya bo‘limi nazoratchisi Musratullo Isayev Bog‘izog‘on kanaliga qum to‘ldirilgan xaltalar tashlab, suvni to‘sib olgan. Payariq tumanidagi "Turkibola zamini" fermer xo‘jaligi a’zolari 8 gektar g‘alla maydoniga ruxsatsiz suv qo‘ygan, buning ustiga 0,15 gektar maydonni ko‘llatib yuborgan.

Bundan tashqari, Urgutning Avaz mergan qishlog‘ida yashovchi X.Sarvarov yuqori bosimli suv quvurini o‘zboshimchalik bilan teshib, tomorqa yer maydonidagi ekinlarini sug‘organ. Paxtachining Fay mahallasida yashovchi fuqaro Narpay kanaliga suv nasos o‘rnatib, elektr tarmog‘iga ruxsatsiz ulanib, tomorqasiga suv ochgan. Kattaqo‘rg‘on tumanidagi "Omon ota" fermer xo‘jaligi 8 gektarlik g‘o‘za maydonini e’tiborsizlarcha sug‘orib, 0,32 gektar maydonni ko‘llatib yuborgan.

O‘tkazilgan nazorat tadbirlari davomida suvdan foydalanishda qonun buzilishi holatlariga yo‘l qo‘ygan shu kabi 60 nafar shaxsga 15 million 573 ming so‘m jarima jazosi qo‘llanildi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yil qishda yog‘ingarchilikning me’yordan ancha kam bo‘lgani suv ta’minotida taqchillikni yuzaga keltirdi. Jumladan, viloyatdagi suv        omborlarida zaxira suv o‘tgan yildagidan 377 million metr kub kam to‘plandi.

 

Iskandar KAMOLOV,

Bosh prokuratura huzuridagi agrosanoat majmui va

oziq-ovqat xavfsizligi

ta’minlanishi ustidan nazorat qilish inspeksiyasi viloyat boshqarmasi boshlig‘i.