Qo‘shrabotda ko‘mirning narxi nega ikki barobar qimmat?
Qish eshik qoqib keldi. Ayniqca, viloyatimizning tog‘li hududlaridan biri hisoblangan Qo‘shrabot tumanida boshqa joylarga nisbatan qishning qahri qattiqroq bilinadi.
Ayniqsa, maktablar, maktabgacha ta’lim tashkilotlari, shifoxonalar, boshqa ijtimoiy soha ob’yektlari binolarini isitish, aholi yashash uylarini gaz, uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlash mutassadi rahbarlarning diqqat markazida bo‘lishi kerak. Aytish joizki, tumanimizda ham bu borada tegishli tadbirlar belgilanib, muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Ammo...
Qish “qilich qayrab” turgan ayni shu kunlarda “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatining “Samarqand birlashgan yonilg‘i ombor xo‘jaligi”ga qarashli “Qo‘rolos” ko‘mir ombori zimmasiga belgilangan qonun-qoida va tartibga ko‘ra, qo‘shrabotliklarni arzon narxdagi ko‘mir bilan taminlash vazifasi yuklatilgan.
Ma’lumot uchun aytish mumkinki, 1 tonna ko‘mir 300 ming 300 so‘m, 1 tonna ko‘mir briketi 412 ming 500 so‘m etib belgilangan.
Bundan tashqari, Qozog‘istondan kirib kelayotgan ko‘mir mahsuloti sifat jihatdan yaxshiligi, import mahsulot sifatida kirib kelayotganligi bois qo‘shimcha qiymat solig‘i bilan hamda hukumat qaroriga muvofiq holda bir tonnasi 635 ming so‘m narxda sotilmoqda.
Ko‘mir va ko‘mir mahsulotlari bilan olibsotarlik qilish, undan biznes maqsadida aholiga Davlat belgilaganidan ortiqcha narxlarda sotish kabi holatlarga cheklovlar hamda qonun doirasida chora ko‘rish belgilangan.
Afsuski, “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatining “Samarqand birlashgan yonilg‘i ombor xo‘jaligi”ga qarashli “Qo‘rolos” ko‘mir omborida bunday tartib-qoidaga amal qilinmayapti.
Hozirda ushbu omborda mavjud Qozog‘iston ko‘mirining 1 kilogramiga 1200 so‘mdan olishmoqda. Ombor ish boshqaruvchisi G‘ulom Mirakovning ta’kidlashicha, “Ishchilarning ko‘mirni xaltalagani hamda xalta uchun narx qo‘shilyapti”.
Tasavvur qiling, bir xaltaga 30 kilogramm ko‘mir joylansa, 30 kilo ko‘mir 650 so‘mdan hisoblaganda ham 19 ming 500 so‘m bo‘ladi. Har kilosiga xalta uchun 550 so‘mdan qo‘shilib, 1200 so‘mdan hisoblansa, 30 kilo ko‘mir 36 ming so‘m bo‘ladi. 36 ming so‘mdan 19 ming 500 so‘mni ayirsak, 16 ming 500 so‘m qoladi. Oddiy xaltaning bahosi shunchalik qimmatmi?
Qo‘shrabot tumani hokimligi axborot xizmati.