“Aholiga baliq emas, qarmoq berib daromadini oshirish kerak!”

Jomboy tumanida aholini kambag‘allikdan chiqarish maqsadida zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, har bir mahalla kesimida ehtiyojmand oilalar aniqlanib, ular orasidan mehnatga layoqatlilarining bandligini ta’minlash masalasi ko‘rilmoqda. Mahallalarda aholini tomorqachilik, tadbirkorlik bilan band qilish maqsadida, banklar va ta’minotchi korxonalar jalb etilgan holda ko‘rgazmali seminarlar o‘tkazilmoqda. Ana shunday tadbir tumanning Sherqo‘rg‘on mahallasida tashkil etildi.

- Tumandagi 2-sektor hududida 650 dan ortiq ehtiyojmand oila mavjudligi aniqlandi, - deydi tuman prokurori Alisher Turimov. – Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, aholiga baliq emas, qarmoq berib daromadlarini oshirish masalasiga e’tibor qaratgan holda ushbu amaliy seminarni tashkil etdik. Ta’minotchi korxonalar va bank xodimlari tomonidan aholiga parrandachilik, baliqchilik, chorvachilik, shuningdek, tomorqa xizmati bo‘yicha taklif va  tavsiyalar berilmoqda.

- 15 yildan beri Toshkentdagi parrandachilik fabrikalarida ishlab kelaman, - deydi sherqo‘rg‘onlik A’zam Qayumov. – Ko‘p yillik tajribamga tayanib, bir oydan beri bir kunlik jo‘jalarni olib kelib, hovlimda boqa boshladim. Bitta jo‘ja 45 kunda  3-4 kilogramgacha go‘sht qiladi. Bugungi kunda ta’minotchi sifatida tadbirkorlikni boshlab, mahalladoshlarimgayam jo‘ja yetkazib berish va ularni parvarishlashni o‘rgatyapman.

  Xo‘sh, ko‘rgazmali seminar tashkil etildi. Bundan ko‘zlangan natijaga erishilyaptimi?

- Seminarda ta’minotchi tashkilotlar tomonidan uy sharoitida amalga oshirish mumkin bo‘lgan 20 ga yaqin yo‘nalish bo‘yicha aholiga takliflar berildi, - deydi Xalq banki tuman filiali boshqaruvchisi Ilhom Shukurov. – Turli yo‘nalishlarda tadbirkorlik faoliyatini boshlash istagini bildirgan 10 nafardan ziyod fuqaro bilan bank va ta’minotchi korxona o‘rtasida uch tomonlama shartnoma imzolandi.

Amaliy seminar davomida tuman hokimi va tuman prokurori aholi bilan bevosita muloqot qilib, ularni qiziqtirgan savollarga batafsil javob berdi. Tomorqandan samarali foydalanish yuzasidan tavsiyalar bildirildi. Bu kabi tadbirlar tumanning boshqa mahallalarida ham tashkil etilmoqda.

  To‘lqin SIDDIQOV,

  Baxtiyor MUSTANOV.