Kattaqo‘rg‘onda chorvachilik rivojlanadi...mi?

Tumandagi “Alisher Lider fayz” xususiy korxonasida tashkil etilgan ko‘rgazmali o‘quv-seminarda shu savolga javob izlandi. Unda chorvachilikni rivojlantirish, sohaga nasldor qoramollar olib kirish, ularni zamonaviy texnologiyalar asosida parvarishlash masalasi kun mavzusiga aylandi.

“O‘zbekchorvanasl” agentligi rahbar va mutaxassislari, tumandagi muqobil MTP  raislari, chorvachilik yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan fermerlar hamda sohaga aloqador tashkilot rahbarlari ishtirok etgan seminarda dastlab tuman hokimi A.Bahromov Kattaqo‘rg‘onda chorvachilikni rivojlantirish, tarmoqqa chetdan zotdor qoramollarni kiritish, buning uchun sarmoya ajratish bo‘yicha so‘z yuritdi.

So‘ngra seminar ishtirokchilari “Alisher Lider fayz” xususiy korxonasi tomonidan 2018 yil oktyabr oyida Germaniya va Avstriya davlatlaridan keltirilgan 63 bosh «Golshteyn» hamda «Smental» naslli qoramol hamda 59 bosh naslli buzoqlarni parvarishlash, ularning mahsuldorligi, samarasi haqida ma’lumotga ega bo‘lishdi. 

Shuningdek, hududda chorva mol bosh sonini identifikatsiyalash, mavjud qoramollarni sun’iy urug‘lantirish, qishloq xo‘jaligi ozuqa ekinlarini seleksiyalash, takroriy ekin sifatida makkajo‘xori yetishtirishda tomchilatib sug‘orishni tashkil etish bo‘yicha o‘zaro fikrlashishdi, tajriba almashishdi.

Jahongir Safarov.