Mahallaning rahbari kim: oqsoqolmi yoki raismi?

Bu savolga amaldagi qonunlarda aniq javob yozib qo‘yilgan, deysiz. Buni o‘zim ham bilaman. Sohaga oid ko‘plab hujjatlarni tayyorlashda ba’zan bevosita, ba’zan bilvosita ishtirok etganman. Hech bo‘lmaganda, matbuot orqali fikr bildirganman. Mahalla faoliyatini tanqid ham qilganman, qo‘llab-quvvatlaganman. Mustaqillik davrida bu tizim nechta eksperimentdan o‘tgan bo‘lsa, barchasiga guvohman, shu jarayon ichida bo‘ldim.

Lekin hozir o‘tgan voqealarni tahlil qilishdan yiroqman. Davlatimiz rahbari keyingi 3-4 yil ichida bu noqulayliklarni bartaraf etish yo‘llarini topib berdi. Meni bitta savol hamon qiynayapti: nega shuncha e’tibor, yengillik va imkoniyatlardan keyin ham biz mahallaning jamiyatda qadimiy, ya’ni munosib o‘rnini topa olishiga erisha olmayapmiz?

Nega mahalla tashvishi yana hokimliklar, sektor va boshqa tashkilotlar rahbarlari zimmasiga tushyapti?

Ochig‘i, o‘zim ham xalqaro anjumanlarda odamlarni jamoatchilik asosida birlashtiradigan organ – mahalla tizimi faqat bizda bor, deb faxrlanganman. Haqiqatan ham mahalla - tabarruk maskan. Odamlar shu yerda istiqomat qiladi, milliy qadriyatlar shu yerda shakllanadi, kishi shaxs sifatida barcha fazilatlarini shu yerda o‘zlashtiradi. Bu yerda turli nuqtai nazarlar duch keladi, birlashadi, xulosalar yuzaga keladi. Jamoatchilik nazorati shu yerdan boshlanadi. Shuning uchun hayotdagi juda ko‘p muammolar ana shu yerda hal bo‘lgan. Tarixda shunday bo‘lgan. Gunoh qilgan odam to gap-so‘z sovumaguncha guzarga chiqishga uyalgan. Hatto, mahalla ahli yomon oilani hududdan ko‘chirib yuborgan.

Xo‘sh, nega shunday bo‘lgan?

Xalqimiz azaldan hayotiy tajribaga ega kishilarga suyangan, ishongan, ularning aytganini qilib, kam bo‘lmagan. Oq soqolli nuroniy bizda ezgulik, oqillik timsoli bo‘lgan. Lekin hamma ham maslahat beravermagan. O‘sha oq soqolli kishilar ichidan eng obro‘lisi qishloq, mahalla oqsoqoli sifatida tan olingan. Uning yurish-turishi, ibrati, salohiyati odamlarni tarbiyalagan. Chunki u pokiza, halol, madaniyatli bo‘lgan, odamlarga faqat yaxshilik qilgan.

Odamlarning oqsoqol oldida nojo‘ya harakat qilishga haddi sig‘magan. Mentalitetimizda bolalarni nojo‘ya harakatlardan tiyishning, tarbiyalashning hammamiz biladigan bir uslubini eslatmoqchiman. Agar bolaga onaning so‘zi o‘tmasa, u farzandiga "Otang kelsin, qilig‘ingni aytib beraman, ko‘rasan" degan. Lekin bola otasi urmasligini ham, qattiq urishmasligini ham bilsa-da bu gapdan sergak tortadi, otasidan hayiqadi. Bu otaning oiladagi salohiyatidan dalolat beradi. Mahalla oqsoqolida ham shunday salohiyat bo‘lishi kerak.

Ming afsuski, biz ma’naviyatimizdagi bunday meros ahamiyatini unutdik. Davr talabi uchun mahalla saylovi qonunlarini ishlab chiqdik. Bu yaxshi, albatta. Faqat "oqsoqol" so‘zi qavs ichiga tushdi. Mahalla rahbarini rais dedik. Raislik tizimi o‘zini o‘zi boshqarish emas, balki ma’muriy boshqaruvga xos atama ekanini farqlamadik. Ehtimol, bu ham zamonaviy demokratik tamoyillar talabi bo‘lgandir, yana ham yuristlar bilishadi.

"Rais" yakka boshqaruvga xos ma’no beradi, ya’ni hokimlik tizimiga yaqin. Biz yakkahokimchilik tizimining asoratini ko‘rib turibmiz. Davlatimiz rahbari tashabbusi va islohotlar yordamida bu tizim illatlari 3-4 yil ichida ancha barham topdi. Jamiyatdagi kuchlarning vazifalari yana ham aniqlashtirilyapti. Biroq mahallaga kelganda yuqoridagi kamchiliklar bu tizimning ham ichiga singib ketganini anglab yetmayapmiz. Pandemiya sharoitida bu kamchiliklar bo‘y-bastini yana ko‘rsatdi, bizdan so‘rab ham o‘tirmadi.

Natija nima bo‘ldi?

Hamma o‘zini mahallaga urdi, boshqa iloj yo‘q. Hokim ham, sektor va boshqa tashkilotlar rahbarlari ham mahalla oqsoqoli ishini bajarishdi, bajarashyapti ham. Ilgari sal durustroq ishda ishlagan, ozgina davlati bor oqsoqollardan boshqasi o‘z dardi bilan yashayverdi, yashayapti ham. Aksariyati ijro organlari oldiga talab qo‘yishni bilmaydi. Chunki, o‘shalar ularni tavsiya etishgan, sal o‘jar kelsa, mahalla raisidan ariza olishdan osoni yo‘q. Ishonmasangiz, saylovdan keyin almashgan oqsoqollar sonini ko‘rib chiqing, hammasi ayon bo‘ladi. Agar xalq o‘zi saylaganda, uni bo‘shatishga qo‘ymaydi. Agar xalq saylasa, oqsoqol xalqini himoya qiladi, uning farovon turmushi uchun kurashadi.

Eng yomoni, raislar (oqsoqollar emas) fuqaro tarafini olish o‘rniga arz qilgan odamlar ustidan ma’lumot to‘play boshladi. O‘z fuqarosini himoya qilish, og‘ir sharoitda yordam berish o‘rniga e’tibordan chetda qoldiradi. Aniqrog‘i, kattaligi ustun keldi, chunki u oqsoqol emas, rais! Buning ustiga moddiy yordamdagi deyarli barcha ko‘zbo‘yamachiliklar, qo‘shib yozishlarning hammasida ana shu raislar ishtirok etdi: yo o‘zi tashabbuskor bo‘ldi yoki birorta kattaning topshirig‘ini bajardi. Aks holda mahallada kimning qanday yashashini yaxshi bilgani holda ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar ro‘yxatini xom-xatala belgilamas edi. Bu o‘rinda davlat rahbarining pandemiyaga bag‘ishlangan selektor yig‘ilishdagi e’tirozi fikrimizga dalil bo‘la oladi. Axir ishonch bo‘lmagach, muhtoj oilalarga ajratilgan moddiy yordam pullarini sektor rahbarlari borib topshirdi. Yo‘q, men bu bilan mahalla rahbarlarini yomonlamoqchi emasman. Chunki ularni biz shu ahvolga tushirdik. Natijada ayrimlari kam bo‘lsa-da, o‘z maoshiga yarasha ham naf keltirmayapti.

Bunga misol sifatida Toshkent shahar hokimining Sirg‘ali tumanidagi mahalla ahli bilan uchrashuvdagi so‘zini keltiraylik: “Mablag‘ taqsimotida adolatsizlik bor ekan, bu imkoniyatni, ishni men sizlarning o‘zingizga ishonaman, ro‘yxatni o‘zlaringiz belgilanglar, siz kimni aytsangiz, biz pulni o‘shanga beramiz, lekin bir sharti bor, pul oladigan ham, olmaydigan ham ro‘yxatga imzo chekishi, munosabatini bildirishi kerak".

Xo‘sh, bu holatga nima deysiz?

Yaqinda matbuotda “Namangan tajribasi: endi mahalla oqsoqollari tuman kengashi sessiyasida tasliqlanadi” degan xabarni o‘qib qoldim. Bunaqada saylov qonunchiligidagi o‘zgarishlar nima bo‘ladi? Shusiz ham nomzodi hokim bilan kelishilayotgani bois mahalla raislari, garchi mahalla ahli tomonidan saylansa-da o‘zlarini xalq emas, hokimiyat vakilidek tutmoqda. Vaholanki, rais mahalla tomonidan saylandimi, shu mahalla oldida hisobdor bo‘lishi kerak. Kengash tasdiqlagan rais esa o‘z-o‘zidan shu Kengash oldida hisobdor bo‘lib qoladi.

Bu chora raislikka noloyiq odamlar kelib qolayotgani bilan bog‘lansa, demak saylov jarayonini takomillashtirish kerak, qo‘shimcha choralar o‘ylab topish shart emas, nazarimda.

Yana bir masala. Mahalla faoliyatida erkaklar va ayollar muammosiga ham bir xilda yondashilishi zarur. Bu masalada gender tengligini qo‘llash hamma vaqt ham samara beravermaydi. Mahallada erkaklar ham, ayollar ham ishlaydi. Gender tengligi faqat mansabdagilar miqdori bilan o‘lchanmaydiku. Ayrim mahallalarda to‘lasincha ayollar ishlashadi. Mayli, iqtidori, mahorati, quvvati bor ekan, qandini ursin. Lekin mentalitetimizdagi oila boshlig‘i salohiyatini ham unutmaylik. Kimdir, qaysidir tashkilot mahalla faoliyatini shu nuqtai nazardan chuqur monitoring qilganmi?

Men bu fikrlarni mutlaq xulosa sifatida yozmayapman, o‘z qarashlarimni bayon etyapman, xolos. Demoqchimanki, katta, nozik ishga shoshilmaylik, avvalo, aholi, huquqshunoslar, ziyolilar fikrini eshitaylik. Shundan so‘ng bir xulosaga kelsak yarashadi.

Farmon Toshev,

Oliy Majlis Senati a’zosi.