Samarqanddagi gaz quyish shoxobchalari tomonidan 479 mingdan ortiq xonadonga suyultirilgan gaz ballonlari yetkazib berilmoqda

Viloyat matbuot uyida “Hududgaz Samarqand” MChJ bosh direktori X.Bobomurodov ishtirokida brifing bo‘lib o‘tdi. Respublika va viloyat OAV vakillari qatnashgan ushbu tadbirda koronavirus pandemiyasining iqtisodiy tarmoqlarga salbiy ta’sirini yumshatish, aholi va tadbirkorlik sohasini qo‘llab-quvvatlash yuzasidan qabul qilingan qaror va farmonlarning ijrosi qay darajada ta’minlanayotgani borasida axborot berildi.

- Pandemiyaning iqtisodiyotga salbiy ta’sirini yumshatish borasida joriy yilning 1 aprelidan viloyatdagi jami ulgurji iste’molchilar, ya’ni 6385 ta tadbirkor sub’yektlari bilan qo‘shimcha kelishuvlar rasmiylashtirilib, “FOSSA” dasturi orqali oldindan haq to‘lash to‘g‘risidagi majburiy talab 30 foizga pasaytirildi, - deydi “Hududgaz Samarqand” MChJ bosh direktori Xolmurod Bobomurodov. - Viloyatda bugungi kunda 1 ta gaz taqsimlash stansiyasi va 7 ta gaz quyish shoxobchalari tomonidan 479339 ta xonadonga avtomashinalarda suyultirilgan gaz ballonlarini yetkazib berilmoqda. Barcha gaz taqsimlash stansiyasi va gaz quyish shoxobchalariga dezinfeksiya tunellari o‘rnatilib, xodimlarning karantin qoidalariga rioya qilishi, maxsus tibbiy niqob va qo‘lqoplarda ishlashi nazoratga olindi. Mazkur davrda aholiga jami 13281,97 tonna suyultirilgan gaz mahsulotlari yetkazib berildi.

Ma’suliyati cheklangan jamiyat mutaxassislari Samarqand shahrida 3 kilometrlik gaz quvurlarining qurilish-montaj ishlarini yakunladi. Jumladan, Rudakiy va Bo‘stonsaroy ko‘chasi kesishmasidagi D-530 millimetrli yer osti gaz quvurlari xavfsiz hududga ko‘chirilib, mavjud tarmoqlarga ulandi. Payariq tumanidagi Al-Buxoriy majmuasida gaz ta’minotini yaxshilash maqsadida 18 kilometrli yuqori bosimli gaz tarmog‘ining 3 kilometrida montaj ishlari amalga oshirildi.

Qo‘shrabot tumanida 1 ta gaz taqsimlash stansiyasi qurilishi yakunlanib, ayni kunlarda foydalanishga topshirilish arafasida turibdi. Payariq, Kattaqo‘rg‘on, Paxtachi hamda Urgut tumanlaridagi gaz to‘ldirish stansiyalarida suyultirilgan gaz  mahsulotlarini o‘lchovdan o‘tkazuvchi katta tarozilar qurilib ishga tushirildi.

Shuningdek, matbuot anjumanida pandemiya davrida «Hududgaz Samarqand» MChJga aholidan kelib tushgan 118 ta murojaatning 94 foizi, Prezident virtual qabulxonasi va xalq qabulxonalari orqali kelib tushgan 862 ta murojaatning 608 tasi ijobiy hal qilinib, 164 nafar fuqaro bilan tushuntirish ishlari olib borildi, 90 ta murojaat esa o‘rganish jarayonida ekanligi xususida ma’lumotlar berildi.

Dilmurod TO‘XTAYeV.