Daraxt shoxlari yo‘l belgilarini "yashirmoqda", xavfni kim bartaraf etadi?
Samarqand shahridagi Yusuf Hamadoniy, Shohruh Mirzo, Abdurahmon Jomiy, Pushkin, Mirzo Ulug‘bek, Temur Malik, Amir Temur, Firdavsiy va O‘zbekiston ko‘chalari kesishmalarida daraxt shoxlari svetofor hamda yo‘l belgilarini to‘sib qo‘ygan.
Oqibatda haydovchilar ishora va belgilarni o‘z vaqtida ko‘ra olmay, tirbandlik va avariyaviy holatlarga duch kelmoqda. Ayniqsa, ustuvorlik belgilari barglar orasida qolishi yo‘l harakati xavfsizligiga jiddiy tahdid solyapti.

Muammoning yana bir jihati — mas’uliyat masalasi. Yo‘l belgilari va svetoforlarni to‘sib turgan shoxlarni butash ishlari obodonlashtirish sohasi zimmasida bo‘lsa, ekologik talablar bo‘yicha tegishli ruxsat va xulosa ekologiya organlari tomonidan beriladi. Yo‘l harakati xavfsizligi idoralari esa bunday holatlarni aniqlab, bartaraf etish bo‘yicha talab kiritishi lozim.

Shahar hokimligi va mas’ul tashkilotlar ushbu muammoni zudlik bilan bartaraf etishi kerak. Chunki yo‘l belgisi va svetoforni ko‘rish imkoni cheklangan ko‘chada xavfsiz harakatni ta’minlab bo‘lmaydi.
Xulosa shuki, bunday holatlar faqat murojaat yoki tanqiddan keyin emas, mas’ul xizmatlar tomonidan muntazam nazorat asosida aniqlanib, o‘z vaqtida bartaraf etilishi zarur. Zero, bir necha shoxni butash oddiy obodonlashtirish ishidek ko‘rinsa-da, amalda u inson hayoti va yo‘l harakati xavfsizligi bilan bog‘liq masaladir. Yo‘l belgisi ko‘rinmay qolgan har bir nuqta ehtimoliy xavf manbai ekanini unutmaylik.

Baxtiyor Mustanov.