“Tentak"ka qachon boramiz? “Qo‘tirbuloqqa-chi?”

Bugun yo‘nalishsiz taksiga minib ozgina xunobim oshdi. Yo‘lovchilardan biri hammaning asabini zirqiratdi-yov. Telefon qulog‘iga yopishib qolgan. Menimcha, Rossiyadagi o‘rtog‘i bilan gaplashayotgan bo‘lsa kerak. Har ikkita gapning bittasida ruscha so‘z bor. “Bizzi paxan ruxsat bermayapti”, “Domdagilar qanday”, «Lyubimchik qalay”, "Haliyam stroykadasizlarmi?”. Uning gapi hech ham tugamaydi. Haliyam manziliga ertaroq keldi shekilli mashinadan tushdi. Bo‘lmasa, boshqa yo‘lovchilar manziliga yetmasdan tushishga chog‘lanayotgan edi...
Aksariyat mamlakatlarda o‘z tilini bilishga faxr, o‘zga tilni bilishga esa zarurat sifatida qarashadi. Aslida ham shunday bo‘lishi kerak. Bizda-chi? Mana shu muvozanat qay darajada qaror topgan?
Gapning dangalini aytadigan bo‘lsak, bu borada biz maqtanishga haqqimiz yo‘q. Uchta gapning birida ruscha ishlatmasak bo‘lmay qolgan. Bu tilimizga, millatimizga bo‘lgan hurmatsizlikdan boshqa narsa emas.
Ko‘cha-ko‘yga chiqing, biror kishi bilan suhbatlashing. Albatta, ana shu g‘aliz jumlalarga duch kelaverasiz. “Moskvaga to‘yga borib kelyapman”, “Leningradga tushirib ketasiz”, “Kalinindagi maktabda seminar bo‘lyapti”. Bu nima degan gap axir? Mahalla, qishloqlarning yangilangan nomi bor-ku. Bu so‘zlarni ishlatayotgan odamlar es-hushini tanigan insonlar ekani kishiga yomon ta’sir qiladi. Buni eshitgan kelajak avlod ana shularni takrorlamaydi deb kim kafolat beradi?
Eng yomoni, ayrim qishloqlarimizga qo‘yilgan nomlar. Tentak, Qo‘tirbuloq, Ayri, Ko‘tarakal. To‘g‘ri, bugungi kunda shunga o‘xshash qishloq nomlarini o‘zgartirish bo‘yicha ishlar olib borilyapti. Ammo, sust.
Tumanimizni bir aylanib ko‘ring. Tilimizga yot bo‘lgan so‘zlar to‘lib-toshib yotibdi. Xuddi chet so‘zlar bilan yozilgan do‘konda savdo zo‘r bo‘lib ketadigandek. Muassasalar nomi, peshtoqlardagi yozuvlar, umuman, turli atamalar muammosi mavjudligi, eng avvalo, zimmamizdagi vazifani unutib qo‘yganimiz bilan bog‘liq, deb o‘ylayman.
Husniddin Xoldorov,
Payariq tumani.