Valyutani olib chiqish va olib kirish me’yorlari o‘zgardimi?

Joriy yil 22 oktyabrda Prezidentimiz tomonidan imzolangan “Valyutani tartibga solish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi Qonunning 22-moddasiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasining naqd valyutasini va chet el naqd valyutasini O‘zbekiston Respublikasiga olib kirish hamda O‘zbekiston Respublikasidan olib chiqish tartibi belgilandi.
Endilikda, jismoniy shaxslar tomonidan O‘zbekiston Respublikasining naqd valyutasini va chet el naqd valyutasini O‘zbekiston Respublikasiga olib kirish cheklovlarsiz amalga oshiriladi.
Jismoniy shaxslar tomonidan O‘zbekiston Respublikasining naqd valyutasini va chet el naqd valyutasini O‘zbekiston Respublikasidan tashqariga olib chiqish yuz million so‘m ekvivalentdan ortiq bo‘lmagan summada amalga oshiriladi. Naqd valyutani belgilangan ekvivalentdan ortiq summada olib chiqish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibga muvofiq amalga oshiriladi.
Yuridik shaxslar tomonidan O‘zbekiston Respublikasining naqd valyutasini va chet el naqd valyutasini O‘zbekiston Respublikasiga olib kirish hamda O‘zbekiston Respublikasidan olib chiqish taqiqlanadi, bundan O‘zbekiston Respublikasi banklari mustasno.
Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi axborot xizmati.