Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Jomboyda bir kunda 14 ta bog‘cha ochildi

Bugun “Obod qishloq” va investitsiya dasturi asosida qurilgan uchta maktabgacha ta’lim muassasasi hamda 11 ta oilaviy bog‘cha ochildi.

No‘sh mahallasida qurilgan yangi 27-MTM 75-nafar bolajonlarni o‘z bag‘riga oldi. Qurilish ishlariga 1 millard 250 milion so‘mlik davlat mablag‘lari yo‘naltirildi.

– Ikki nafar nabiram shu bog‘chada ta’lim-tarbiya oladi, – deydi mehnat faxriysi Qahhor Abduqodirov. – Ularga yaratilgan sharoitlarni ko‘ryapsizmi? Muassasaning avvalgi nochor ahvolidan asar ham qolmagan. Chekka qishloqda shunday bog‘cha quriladi, deb tassavvur qilolmasdik. Mana, endi shahardagidan kam bo‘lmagan sharoitda farzandlarimiz ta’lim-tarbiya olishadi. Bundan aholimiz juda mamnun.

Xabaringiz bor, joriy yilda Eski Jomboy mahallasi ham “Obod qishloq” dasturiga kiritilgan. Dastlabki kunlardanoq, yangi 15-MTM binosini qurish boshlab yuborilgandi. Bu ishlar qisqa vaqt ichida yakunlandi.

Zarafshon mahallasidagi 6-MTMni mukammal ta’mirlash uchun ham 1 milliard 665 million so‘mlik investitsiya mablag‘lari ajratildi.

Zamonaviy ko‘rinishga keltirilgan uchta MTM ham bugundan faoliyat boshladi.

Shuningdek, 11 ta hududda oilaviy maktabgacha ta’lim muassasalari ochildi. Davlat sherikchilik asosida ishga tushirilgan mazkur bog‘chalar 270 dan ortiq bolalarni uzluksiz ta’limga qamrab olgani bilan ahamiyatli.

– Ikki qavatli turar-joyimiz o‘rnida uy bog‘chasini ochdik, – deydi “Feruza” nomli oilaviy NMTM mudirasi Ma’mura Donaqulova. – Jihozlash uchun imtiyozli kredit mablag‘lari ajratib berildi. Qolaversa, oila a’zolarimning ikki nafarini ishga oldim. Ular byudjetdan maosh olib ishlaydi. Oziq-ovqat ta’minoti davlat tomonidan yetkazib beriladi. Faoliyatimiz ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otyapti. Bolasini oilaviy bog‘chaga berish istagini bildirgan talabgorlar ko‘p. Bu yangi sohaga katta ishonch bildirilayotganidan darak beradi.

“Bolajon” oilaviy bog‘chada o‘tkazilgan tadbirda xususiy tadbirkorlarning 11 nafari uchun oilaviy NMTMni yuritish bo‘yicha tuman hokimligining ruxsatnomasi topshirildi.

Sherzod ISOQULOV,

Jomboy tongi” muxbiri.