Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

15 dekabr – Xalqaro choy kuni: Choy Xitoyda kashf etilganmi?

Choyni aksariyat odamlar ichimlik sifatida qabul qilishadi, ammo u odamlar orasidagi iliq munosabatlarni shakllantiruvchi omil hamdir. Odamlar bir piyola choy bahonasida suhbat quradi, mehmon kutadi, oilaviy jam bo‘ladi.

Choy qadimdan Yaponiya, Xitoy, Hindiston, Shri-Lanka mamlakatlarida ekilgan va ba’zi kasalliklarga davo sifatida foydalanilgan. Olimlar choyda 120 xil modda borligini aniqlagan.

Choyning kelib chiqish tarixi ham qiziq. 3500 yil avval Xitoy hoqoni kanizaklaridan biri kechirilmas gunoh qiladi. Ya’ni, u nikohsiz homilador bo‘ladi. Ayol o‘lim jazosiga hukm etiladi. Ammo atrofdagilar gunohni qilgan ayol, uning bolasi gunohsiz ekanligini ta’kidlab, bir necha kunlik oziq-ovqat bilan kimsasiz tog‘li hududga badarg‘a qilishadi. Ayol tog‘da oziq-ovqatsiz qolganda, holsiz bir buta tagida yiqiladi. U tashnaligini qondirish uchun buta barglarini chaynaydi. Mo‘’zija ro‘y berib, uning nafaqat tashnaligi qonadi, balki o‘zini tetik va bardam his etadi. U hayratlanib, daraxt barglaridan anchagina yulib, ortiga qaytadi. Va odamlarga mo‘’jizaviy daraxt haqida so‘zlab beradi. Bu butazor choy daraxti edi. Uning ovozasi hoqonga ham yetib boradi. U kanizakni huzuriga chorlaydi. Qarasa, u ancha tetik va yuzlari tiniq edi.

Dastlab choy dorivor o‘simlik sifatida iste’mol qilingan bo‘lsa, bugun u kundalik ichimlik sifatida dasturxonimizdan joy olgan.

Fayzullo ISMOILOV tayyorladi.