Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Bloger jurnalistmi?

Bugun ijtimoiy tarmoqlarda bloger atamasi keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Ba’zilar blogerlarni tanqid qilib, hammaga aql o‘rgatadi, desa, ba’zilar hech kim kutmagan mavzuni ko‘tarib chiqib, barchaning e’tiborini o‘ziga qaratadi, deyishadi. Xo‘sh, blogerlar kim?

Avvalo, blog tushunchasiga to‘xtalsak. Blog – ingliz tilidagi “web, log” so‘zlaridan olingan bo‘lib, “internet-jurnal, hodisa, internet-kundalik, onlayn-kundalik”, degan ma’nolarni anglatadi (Jastin Xoll va Yoren Barger “weblog” so‘zini o‘ylab topishgan). Dastlab blog shaxsiy onlayn-kundalik sifatida qabul qilingan. Odamlar o‘z fikrlari, biror voqea yoki hodisaga nisbatan munosabatini boshqalar bilan muntazam bo‘lishib borgan. Bugun blog tushunchasi ancha kengayib, matn, tasvir yoki multimedia, muntazam yozuvlar qo‘shib boriladigan veb-saytni o‘z ichiga oldi. Blog yurituvchi shaxs - bloger atamasi vujudga keldi. Bloger yuritayotgan blogni kichik gazetaga o‘xshatish mumkin. Faqat uning shtatida birgina muxbir - bloger bor. U bir vaqtning o‘zida ham muallif, ham muharrir, ham sahifalovchi vazifasini bajaradi. Bloger xalq oshkor eta olmagan, uni qiynayotgan mavzularni ommaga namoyish etadi. Kamchilik va xatolardan muammoni yechishga harakat qiladi. Tanqid orqali har bir jabhada “kalavaning uchini topish” imkonini qidiradi.

Bu orqali atrofimizda ro‘y berayotgan muammolarga yechim izlanadi. Shuning uchun qaysidir ma’noda ularning faoliyati oddiy odamlar uchun bugungi kunda zaruratga aylanib bormoqda. Afsuski, ayrim blogerlar yolg‘on-yashiq xabarlarni global darajaga ko‘tarishmoqda. Bu esa muammoni hal etish o‘rniga yangilari yuzaga kelishiga sabab bo‘ladi. Tag‘in o‘zbek tili adabiy me’yorlari va imlo qoidalarini buzishadi. Bu esa o‘quvchilar orasida tushunmovchiliklarga sabab bo‘lishi tabiiy.

Menimcha, blogerlar ham barcha tartib-qoidalarga rioya etishsa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi.

Gulmira JO‘RABOYEVA.