BMTning maxsus ma’ruzachisi Samarqand viloyati sudlari raislari bilan muloqot o‘tkazdi

Samarqandda mehmon bo‘lib turgan BMT Inson huquqlari kengashining sudyalar va advokatlar mustaqilligiga oid masalalar bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Diyego Garsiya-Sayan Toyloq tumani sudiga tashrif buyurdi.
U yerda yuqori martabali mehmonga mamlakatimizda sudlar mustaqilligini mustahkamlash va undan foydalanish imkoniyatini oshirishga qaratilgan sud-huquq islohotlari to‘g‘risida ma’lumot berildi.
Maxsus ma’ruzachi tumandagi barcha sudlar joylashgan mazkur yangi binoda yaratilgan zamonaviy axborot tizimlari imkoniyatlari, aholiga ko‘rsatilayotgan interaktiv xizmatlar bilan tanishdi. Maskanda odil sudlovni keng targ‘ib qilishga imkon beruvchi videokonferensaloqa tizimi faoliyatini e’tirof etdi.
Mehmonning ta’kidlashicha, bu yerda joriy etilgan elektron sudlov axborot tizimlari alohida jarayonlarni avtomatlashtirilgan tarzda kuzatish imkonini beradi, sudyalar mustaqilligini ta’minlanish, ishlarning teng va xolisona taqsimlanishiga xizmat qiladi.
Tashrif davomida Diyego Garsiya-Sayan viloyat va tuman sudlari raislari bilan uchrashdi va qiziqtirgan savollariga atroflicha javob oldi.
Eslatib o‘tamiz, Toyloqda sudlarning ma’muriy binosi uchun 6 638 million 468 ming so‘m mablag‘ sarflangan. Uch qavatli ma’muriy binoda sud xodimlari va xizmatchilar uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Shuningdek, 5 ta sud zallari va 3 ta mahbuslarni vaqtinchalik saqlash izolyatori qurilgan.